AQSHda o‘lim epidemiyasining tarqalish hududi kengaydi
Olam
−
09:46 1728 2 daqiqa
AQSH sog‘liqni saqlash idoralari Meksikaning markaziy hududidan yetkazib berilgan aysberg salati bilan bog‘liq siklosporoz epidemiyasi yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvni yana kengaytirdi. Endilikda kasallik bilan bog‘liq shtatlar soni 15 taga yetdi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, tekshiruv doirasiga yana Missuri, Arkanzas, Ayova, Nebraska, Nyu-Xempshir va Shimoliy Karolina shtatlari kiritilgan.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi hamda Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘p shtatli epidemiya bilan bog‘liq 6 358 ta kasallanish holati qayd etilgan. Shundan 278 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Idoralar kasallikning manbai faqat aysberg salati bilan cheklanmasligi mumkinligini ham o‘rganmoqda.Dastlab epidemiya 5 shtatda Taco Bell restoranlarida iste’mol qilingan salat bilan bog‘langan. Keyinchalik salat Meksikaning markaziy qismidagi Taylor Farms korxonasidan yetkazib berilgani aniqlangan. Joriy yilning 24 iyul kuni tekshiruv qamrovi 9 shtatga kengaytirilgan.
Siklosporoz odatda najas bilan ifloslangan suv yoki xom meva-sabzavotlarni iste’mol qilish orqali yuqadi. Kasallik diareya, ko‘ngil aynishi va boshqa oshqozon-ichak bilan bog‘liq alomatlarni keltirib chiqaradi.
Epidemiyaning eng og‘ir oqibatlari Michigan shtatida kuzatilmoqda. Shuningdek, Buyuk Britaniyadan Kintana-Rooda dam olib qaytgan sayyohlarda siklosporoz aniqlangach, Meksika Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur hududda ham tekshiruv boshlagan.
Epidemiya fonida AQSHda salat xaridi va ayrim restoranlarga tashriflar kamaygani aytilmoqda. Xususan, Salad and Go restoranlar tarmog‘i bankrotlik haqida ariza berib, bunga siklosporoz tarqalishi ham ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri bo‘lganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda Cyclospora paraziti keltirib chiqargan siklosporoz kasalligi tarqalishi davrida ilk bor 2 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Vafot etgan ikki bemorning sog‘lig‘ida boshqa og‘ir muammolari ham bo‘lgan.
Live
Barchasi