AQSHda Ukrainaga 61 milliard dollar va ATACMS raketalarini berish taklif qilindi

Olam

image

AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga yordam berish uchun alohida qonun loyihasini taqdim etdi. U 61 milliard dollar va ATACMS raketalarini ajratishni nazarda tutadi. Bu haqda Vakillar palatasining saytida ma’lum qilindi.

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri respublikachi Mayk Jonson Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha uchta alohida qonun loyihasini e’lon qildi.

Shuningdek, u Ukrainaga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish, Eronga qarshi yangi sanksiyalar va TikTok'ni blokirovka qilish masalalariga bag‘ishlangan AQSH milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi to‘rtinchi qonun loyihasini taqdim etishga va’da bergan.

Ukraina yordami to‘g‘risidagi qonun loyihasi 60,8 milliard dollar ajratishni o‘z ichiga oladi, shundan 13,8 milliard dollar yangi qurol va jihozlar sotib olishga, yana 23 milliard dollardan ko‘prog‘i Amerika qurollari zaxiralarini to‘ldirishga sarflanadi.

Bundan tashqari, hujjat AQSH Prezidentiga Ukrainani uzoq masofali ATACMS raketalari bilan ta’minlash majburiyatini yuklaydi.

Biroq, Oq uy rahbari raketalarning uzatilishi AQSHning milliy xavfsizlik manfaatlariga zarar etkazishi mumkin deb hisoblasa, bu qarorni keyinga qoldirishi mumkin.

Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, AQSH ma’muriyati Kongressga 45 kun ichida uzoq muddatli “Ukrainani qo‘llab-quvvatlash strategiyasi”ni taqdim etishi, 60 kun ichida esa Kiyev bilan ko‘rsatilgan yordamni qaytarish bo‘yicha kelishuv tuzishi kerak.

Isroil va Tayvanga ko‘mak uchun to‘lovlar mos ravishda 26 milliard va 8 milliard dollarni tashkil qiladi.

Vakillar palatasida alohida harbiy yordam paketlari bo‘yicha ovoz berish 20 aprel kuni kutilmoqda.

AQSH Prezidenti Jo Bayden allaqachon e’lon qilingan qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan va Kongressni hujjatlarni tezda qabul qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina ATACMS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing