AQSHda Trampning “dumini tugish” uchun harakat boshlandi

Olam

AQSH Kongressi Vakillar palatasi Prezident Donald Trampning impichmenti jarayonini boshlayapti. Bu haqda palata spikeri Nensi Pelosi ma’lum qildi.

“Bugun men Vakillar palatasi impichment jarayoni doirasida rasmiy surishtiruv boshlaganini e’lon qilaman. Bizning olti qo‘mitaga shaxsiy surishtiruvlarini boshlash haqida ko‘rsatma beraman. Prezident javobgarlikka tortilishi kerak, hech kim qonundan ustun emas. Prezidentning bugungacha qilgan harakatlari Konstitutsiyani qo‘pol tarzda buzishdir”, degan Pelosi.

Pelosi AQSH davlatchiligida muhimligi jihatidan uchinchi darajali lavozim egasi hisoblanadi. 

Pelosi Trampning impichmentiga uning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatini asos deb hisoblamoqda. Ta’kidlanishicha, Tramp o‘sha suhbat vaqtida Zelenskiydan AQSH prezidenti lavozimiga nomzod Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi tergov boshlashni talab qilgan.

“Trampning Prezident sifatidagi xatti-harakati lavozimga kirishayotganda bergan qasamyodini buzayotganini oshkor qiladi hamda milliy xavfsizlik va saylovlarimiz birligiga putur yetkazadi”, deb ta’kidladi deputat.

Ma’lumot uchun, AQSH davlatchiligi tarixida Vakillar palatasi uch Prezidentga impichment e’lon qilgan. Bular: Endryu Jonson, Bill Klinton va Richard Nikson. Endryu Jonson va Bill Klinton ishida Senat ularni oqlagan va ayblov bekor qilingan.

Richard Niksonga nisbatan Uottergeyt ishi sababli impichment e’lon qilingan. Nikson Senat bu masalani ko‘rib chiqishidan avval o‘zi iste’foga chiqqan. Keyinroq AQSHning 38-Prezidenti Jerald Ford Niksonni oqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp impichment

Baholaganlar

148

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing