AQSHda “shatdaun” sabab minglab reyslar bekor qilinmoqda
Olam
−
06 noyabr 3304 2 daqiqa
AQSH Transport vazirligi hukumat ishining rekord darajada uzoq vaqt to‘xtab qolishi (“shatdaun”) tufayli mamlakatdagi 40 ta yirik aeroportda reyslar sonini 10 foizga qisqartiradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Reyslar sonining qisqarishi aviadispetcherlik tizimidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, ular “shatdaun” sababli yuzaga kelgan. “Reuters”ning yozishicha, 13 ming nafar aviadispetcher va 50 ming transport xavfsizligi xodimlarining aksariyati ish haqisiz ishlamoqda.
“Cirium” aviatsiya tahlil xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlar Nyu-York, Vashington, Chikago, Atlanta, Los-Anjeles va Dallasni o‘z ichiga olgan 30 ta eng band aeroportga ta’sir qiladi. Taxminan 1,8 ming reys va 268 mingdan ortiq yo‘lovchi o‘rni qisqartiriladi.
AQSH Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) qisqartirishlar bosqichma-bosqich joriy etilishini, dastlab 4-5 foiz, keyin 6 va 10 foizgacha kamaytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan. Xalqaro reyslar bu rejaga kiritilmagan.
United Airlines, American Airlines va Southwest kompaniyalari mijozlarga ta’sirni kamaytirishga urinayotganini bildirgan. Masalan, United Airlines moslashuvchan qaytarish imkoniyatlarini taklif qilmoqda, Southwest esa “shatdaun”ni iloji boricha tezroq yakunlashga chaqirgan.
Bort kuzatuvchilar assotsiatsiyasi (AFA-CWA) bu inqirozni “barcha amerikaliklarga nisbatan shafqatsiz hujum” deb atagan.
AQSH hukumati ishining to‘xtab qolishiga sabab demokratlar va respublikachilar o‘rtasida Obamacare dasturi doirasidagi subsidiyalarni saqlab qolish va Medicaid sog‘liqni saqlash dasturini moliyalashtirishni qisqartirish masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgani hisoblanadi. “Reuters”ning yozishicha, Tramp ma’muriyati demokratlarga bosim o‘tkazib, aviatsiya tizimidagi keng ko‘lamli uzilishlar xavfini eslatib, ularni hukumat ishini tiklash uchun ovoz berishga majburlamoqda. Demokratlar esa, aksincha, muammoning sababchisi respublikachilar ekanini aytmoqda.
“Shatdaun” oqibatida ko‘plab davlat idoralari faoliyati to‘xtagan, 750 ming federal xodim majburiy ta’tilga chiqarilgan, 2,1 mingdan ortiq reys kechiktirilgan.
AQSHda “shatdaun” joriy yilning 1 oktyabr kuni soat 0:01 da boshlangan bo‘lib, hozirgacha bir oydan ortiq davom etmoqda. Avvalgi rekord Donald Trampning ilk prezidentligi davrida – 2018 yilda hukumat 34 kun ishlamagan paytda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Demokrat gubernatorlar va AQSHning 25 ta shtati bosh prokurori mamlakat Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qilgandi. Ular millionlab amerikaliklarga oziq-ovqat yordamini davom ettirish uchun favqulodda mablag‘lardan foydalanish yo‘li bilan dastur moliyalashtirilishini tiklashni talab qilgan.
Live
Barchasi