AQSHda “prava” beradigan markazlarga qarshi katta reyd boshlandi

Olam

image

AQSH Transport vazirligi yuk mashinasi va avtobus haydovchilari uchun tijoriy haydovchilik guvohnomasi beradigan soxta o‘quv markazlariga qarshi katta tekshiruv boshladi. Bu haqda “Carscoops” xabar berdi.

Bu o‘quv markazlari Federal Motor Carrier Safety Administration belgilagan qoidalarga amal qilmagan va endi milliy o‘quv markazlari ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin. Besh kun ichida AQSHning barcha 50 shtatida 300 dan ortiq inspektor ishtirokida 1,4 mingdan ko‘p tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada yuzlab maktablar talabga javob bermasligi aniqlangan.

Qoidabuzarliklar turlicha bo‘lgan: ba’zilarining manzili soxta chiqqan, ba’zilarida malakali o‘qituvchilar yo‘q. Ayrim markazlar haydovchilarga xavfli yuk tashish qoidalarini umuman o‘rgatmagan, o‘qitish uchun mos bo‘lmagan mashinalardan foydalangan yoki o‘quvchilarni majburiy imtihondan o‘tkazmagan. Hatto ba’zi maktab vakillari o‘z shtati talablariga ham javob bermasligini tan olgan.

Tekshiruvlardan keyin 109 ta o‘quv muassasasi o‘z xohishi bilan milliy ro‘yxatdan chiqqan. Yana 448 tasiga esa xavfsizlikning asosiy talablariga rioya qilmagani uchun ro‘yxatdan chiqarilishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan.

AQSH Transport vaziri Shon Daffi yuk tashish sohasi uzoq vaqt deyarli nazoratsiz ishlaganini aytib, endi haydovchilarni tayyorlash jarayonining hamma bosqichida qat’iy nazorat bo‘lishini bildirgan. Maqsad – yo‘llarda xavfsizlikni oshirish.

Bu kampaniya yuk tashish sohasini tartibga solish bo‘yicha kengroq rejaning bir qismi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shon Daffi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing