AQSHda politsiyachi marker bilan “qurollangan” erkakni otib o‘ldirdi

Olam

image

AQSHning Kolorado shtatida politsiya xodimi qo‘lida marker bo‘lgan erkakni otib o‘ldirdi. Bu haqda “NBC News” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur voqea Denver shahrida sodir bo‘lgan. Politsiya xodimi bir oilaga zo‘ravonlik bo‘layotgani haqidagi qo‘ng‘iroqdan keyin voqea joyiga borgan. Chaqiruv bo‘yicha kelgan xodim 36 yoshli erkak qo‘lidagi marker bilan shubhali tarzda o‘zi tomonga yurib kelayotganini ko‘rib, unga ikki marta o‘q uzgan. Oqibatda erkak voqea joyida halok bo‘lgan.

“Politsiyachi flomasterni pichoq deb o‘ylab, shunday yo‘l tutgan bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda. 

Yuqoridagi holat politsiya xodimining bodikamerasiga tushib qolgan. Unda xodim erkakning orqasida yosh bolasi bor ayol turganiga qaramay, o‘q uzgani tasvirlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol va bolaga shikast yetmagan.

Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada politsiyachi mashinani to‘xtatishdan bosh tortgan 17 yoshli o‘smirni otib tashlagan edi. Buning ortidan mamlakatda tartibsizliklar avj olib ketdi. Ichki ishlar vazirligi rahbari Jerald Darmanin Senatdagi yig‘ilishda to‘polonlar chog‘ida 4000 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh politsiya otib o'ldirdi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing