AQSHda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha guruh tugatiladi
Olam
−
06 may 2020
5826AQSHda koronavirusga qarshi kurash uchun tuzilgan idoralararo ishchi guruh faoliyati to‘xtatilib, uning o‘rniga mamlakat iqtisodiyotini tiklashga e’tibor qaratuvchi boshqa guruh ish boshlaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
“Maykl Pens va uning ishchi guruhi katta ishni amalga oshirdi, ammo hozir biz boshqacharoq shaklni ko‘rib chiqyapmiz. Bu shakl – xavfsizlik va tiklanish. Bizda shu uchun tuzilgan boshqa guruh bo‘ladi”, dedi Tramp.
Amerika yetakchisi mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha fikr bildirib, ikkinchi va boshqa bosqichlar ustidan ish olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Biz yaqin besh yilda mamlakatimizni yopib qo‘yolmaymiz. Ko‘p narsani o‘rgandik. Mamlakat ochila boshlaydi. Ishchi guruh fenomenal vazifani bajardi”, dedi Donald Tramp.
Uning aytishicha, ishchi guruhdan koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha Oq uy koordinatori Debora Birks va Allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi yangi guruhga ham albatta kiritiladi.
Koronavirusga qarshi kurash uchun tuzilgan ishchi guruh cheklovlarning bosqichma-bosqich bekor qilinishi sababli tugatiladi. Cheklovlar bekor qilingach, asosiy e’tibor vaksinya yaratish, koronavirus bemorlarini aniqlash va davolashga qaratiladi.
Ma’lumot uchun, AQSHDa 1 237 633 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 71 271 nafari vafot etgan va 200 628 nafari sog‘aygan.
LiveBarchasi