AQSHda Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga olish ishi deyarli hal bo‘ldi
Olam
−
04 avgust 2022
4101AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongress Senati tomonidan NATOning kengayishi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinishini olqishladi va Finlyandiya hamda Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishi haqidagi hujjatlarni imzolashini ma’lum qildi.
Bugun, 4 avgust kuni AQSH Senati Stokgolm va Xelsinkining alyansga qo‘shilishi haqidagi hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Amerika qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra, ratifikatsiya qilish tartibi bevosita mamlakat Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi, Senat bunga o‘z roziligini beradi.
Bayden Kongressning yuqori palatasidagi ovoz berish natijalarini olqishlab, Senatning NATO kengayishi bo‘yicha ushbu protokollarni ko‘rib chiqishi 1981 yildan beri eng tez o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi.
“Finlyandiya va Shvetsiyaning ittifoqqa kirishi NATOning jamoaviy xavfsizligini yanada mustahkamlaydi va transatlantik sheriklikni chuqurlashtiradi”, deyiladi Amerika rahbarining Oq uy matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan yozma bayonotida.
Shvetsiya va Finlyandiya masalasi
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi.
Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.
30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.
LiveBarchasi