“Hali odam emas-ku”. AQSHda abort taqiqlanishiga qarshilar miting uyushtirdi

Olam

image

Kecha, 24 iyun kuni minglab odamlar Vashington markazidagi AQSH Oliy sudi binosi oldiga yig‘ilib, abort huquqlari bo‘yicha federal kafolatlar olib tashlanganiga qarshi norozilik bildirishdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud hukm chiqarganidan so‘ng, darhol norozilar to‘plana boshlagan. Shu tariqa, sakkiz soatdan ortiq vaqt davomida norozilik namoyishlari tinmagan. Mitingda ishtirok etganlarning katta qismi ayollar, ammo erkaklar ham yetarli darajada bo‘lgan.

Ishtirokchilar bola tug‘ilishida ayollarni tanlash huquqidan mahrum qilmaslikka chaqirib, “Abort insonning asosiy huquqidir”, "Abort sog‘liqni saqlash [xizmatlari]ning bir qismidir" degan yozuvlar bor plakatlar bilan kelgan. Namoyishchilardan biri – homilador bo‘lgan ayol sud binosiga qornida "Hali odam emas-ku" degan yozuv bilan kelgan.

"Men bu yerdaman, chunki har kim hayotda o‘z tanlovini qilish huquqiga ega. Hamma ham ota-ona bo‘lishni xohlamaydi. Umuman olganda, hech kimni onalikka, ota-ona bo‘lishga majburlamaslik kerak", deydi namoyishda ishtirok etayotgan ayollardan biri.

Shu bilan birga, olomon orasida abortga qarshi bo‘lganlarni ham uchratish mumkin bo‘lgan, ular sud binosiga sud qarorini qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan. Ushbu namoyishchilardan biri bir necha bor sud hukmiga qarshi bo‘lganlar, jumladan, yuqorida tilga olingan homilador ayol bilan ham janjallashib ketgan.









Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 iyun kuni AQSH Oliy sudi 1973 yilda konstitutsiyaviy kafolatlangan abort huquqini o‘rnatgan “Rou Ueydga qarshi” ishni bekor qildi.

Ma’lumot uchun, “Rou Ueydga qarshi” ish – AQSH Oliy sudining abortning qonuniyligi to‘g‘risidagi muhim qarori. Bu Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng siyosiy ahamiyatga ega qarorlardan biridir.

Sud qaroriga ko‘ra, ayol homila hayotga layoqatli bo‘lgunga qadar homiladorlikni o‘z xohishiga ko‘ra tugatish huquqiga ega. Ushbu qaror kontekstida yashovchanlik avtonomiyani, "onaning tanasidan tashqarida, shu jumladan tibbiy yordam bilan mavjud bo‘lish qobiliyatini" anglatadi. Avtonomiyaga erishishning taxminiy vaqti 7 oy (28 hafta) ammo, chegarani 24 haftaga tushirish mumkin. Homiladorlikning keyingi bosqichlarida faqat homilaning saqlanishi ona uchun xavf tug‘dirsa, abort qilish mumkin. Bu qoida “Doye Boltonga qarshi” ishidagi qaror bilan o‘rnatildi. Qaror, o‘n to‘rtinchi tuzatishning tegishli jarayon bandidan kelib chiqadigan shaxsiy daxlsizlik huquqiga asoslangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

299

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing