AQSHda 23 kishini o‘ldirgan qotil 90 umrlik qamoqqa hukm qilindi
Olam
−
08 iyul 2023
85712019 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Texas shtatidagi Walmart savdo markazida ommaviy otishma sodir etib, 23 kishini o‘ldirgan, 22 kishini esa yarador qilgan 24 yoshli oq tanli millatchi Patrik Krusius federal sudya tomonidan ketma-ket 90 umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda AQSH Adliya departamenti ma’lum qildi.
2019 yil 3 avgust kuni El-Paso shahrida sodir bo‘lgan otishmada Patrik Krusius irqiy sabablarga ko‘ra, ispaniyalik xaridorlarni nishonga olgan. Hujum oldidan u onlayn manifestini e’lon qilib, bu harakati Texasdagi "ispanlarning bosqiniga" javob bo‘lishini ta’kidlagan.
Sud jarayonida Krusius sukut saqlagan va hukm chiqarilganda hech qanday munosabat bildirmagan.
AQSH okrug sudyasi Devid Guaderramning tavsiyasiga ko‘ra, Krusius jazoni Koloradodagi maksimal xavfsizlik muassasasida o‘taydi, u yerda Patrik Krusius og‘ir ruhiy salomatlik holati uchun zaruriy davolanish va maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yilning fevral oyida o‘z aybiga iqror bo‘lib, Krusius federal o‘lim jazosidan qochgan, ammo u hali ham Texas shtatida o‘lim jazosiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ayblovlarga duch kelmoqda.
Krusiusning advokati otishmani ruhiy kasallik bilan izohlagan, biroq prokurorlar u qirg‘inni amalga oshirganida o‘z harakatlaridan to‘liq xabardor ekanligini ta’kidlagan.
Prokurorlarning ma’lum qilishicha, Krusius qirg‘indan oldin AK-47 miltig‘ining Ruminiya varianti va ichi bo‘sh o‘q-dorilar bilan qurollangan holda Dallas chekkasidan El-Pasogacha 600 mil (965 kilometr) masofani bosib o‘tgan.
"Bu mamlakatda hech kim nafratga asoslangan zo‘ravonlikdan, o‘z tashqi ko‘rinishi yoki qayerdan ekanligi tufayli nishonga olinishi mumkinligidan qo‘rqib yashashi kerak emas. Bugun e’lon qilingan ketma-ket 90 umrlik qamoq jazosi Patrik Krusius El-Pasodagi halokatli, irqchilik harakati uchun umrining qolgan qismini qamoqda o‘tkazishini kafolatlaydi", deydi AQSH Bosh prokurori Merrik Garland.
Ma’lumot uchun, Krusius otishma paytida o‘dirgan kishilar orasida 15 yoshli o‘rta maktab sportchisidan tortib, muhojirlar, nafaqadagi shahar avtobus haydovchisi, o‘qituvchilar, sobiq temirchi kabi malakali ishchilar va muntazam xarid qilish uchun AQSH chegarasini kesib o‘tgan turli Meksika fuqarolari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHda terakt uyushtirgan o‘zbekistonlik 8 umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi.
LiveBarchasi