AQSHda “Helen” dovuli kamida 40 kishi umriga zomin bo‘ldi
Olam
−
28 Sentabr
1897AQSHga yopirilgan “Helen” dovuli oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSHning Florida shtati sohillariga yopirilgan “Helen” dovuli tufayli kamida 40 kishi halok bo‘ldi. Janubiy Karolina shtatida kamida 17 kishi, Jorjiyada 15, Floridada esa olti nafar odam dovul qurboni bo‘lgan. Shimoliy Karolinada ham ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Qayd etilishicha, dovul turli shtatlarda 3,5 milliondan ortiq kishini elektr energiyasidan uzib qo‘ygan. Mamlakat janubi-sharqidagi ko‘plab aeroportlarda parvozlar to‘xtatilmoqda. Shimoliy Karolinadagi Sharlott/Duglas xalqaro aeroportida 400 ga yaqin reys bekor qilinib, 500 reys kechiktirilgan. Jorjiya aeroportida esa 200 ta reys bekor qilingan va 400 ga yaqini qoldirilgan.
Florida, Jorjiya, Shimoliy va Janubiy Karolina, Alabama va Virjiniya shtatlarida favqulodda holat e’lon qilingan. Tennessi shtatining Nyuport shahrida Waterville to‘g‘onidagi avariya tufayli aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda dovul kuchi pasayib, shimol tomonga harakatlanmoqda. Bugun, 28 sentyabr kuni uning Tennessi shtatiga ham yetib borishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Yevropaga urilgan kuchli “Boris” to‘foni Polsha, Chexiya, Ruminiya va Avstriyaning ayrim hududlarida suv toshqinlari keltirib chiqargan va kamida 22 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi