AQSH jurnalistlarga Pentagonga kirishni taqiqladi
Olam
−
12:42 1076 2 daqiqa
AQSH Mudofaa vazirligi Pentagonning matbuot ofisiga jurnalistlarning kirishini taqiqladi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Joel Valdes kecha, 1 iyun kuni ma’lum qildi.
Valdes mazkur ofis “Maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun maxsus himoyalangan hudud” (Sensitive Compartmented Information Facility – SCIF) maqomiga o‘tkazilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerdan davlat sirlariga doir ma’lumotlar bilan ishlovchi nutq yozuvchilar foydalanadi.
“Bu nutq yozuvchilar muntazam ravishda maxfiy materiallar bilan ishlaydi va Pentagonning maxfiy ma’lumotlar tarmog‘i – SIPRNet tizimiga kirish huquqiga ega”, degan Valdes.
Uning ta’kidlashicha, endilikda jurnalistlarga ushbu ofis hududiga kirishga ruxsat berilmaydi. Mudofaa vazirining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi va matbuot kotibi ofislariga esa faqat oldindan kelishilgan uchrashuv orqali kirish mumkin bo‘ladi.
Mazkur qaror Tramp ma’muriyati tomonidan ommaviy axborot vositalarining harbiy sohani va davlat idoralari faoliyatini yoritish imkoniyatlarini qisqartirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ortidan qabul qilindi.
Joriy yilning mart oyida AQSH Mudofaa vazirligi jurnalistlarga Pentagon hududida doimiy ofis saqlash huquqi bekor qilinishini ma’lum qilgan edi. Bu qaror sud "The New York Times" gazetasi tomonidan matbuot akkreditatsiyasi qoidalariga qarshi kiritilgan da’vo yuzasidan nashr foydasiga qaror chiqarganidan keyin qabul qilingan. Shuningdek, Pentagon jurnalistlar binoda harakatlanishi uchun rasmiy kuzatuvchi hamroh bo‘lishini majburiy qilib belgilagan. Nashr mazkur tartibni bekor qilishni talab qilib, may oyida yana bir sud da’vosini kiritgan.
AQSH jurnalistlarining eng yirik kasbiy tashkiloti hisoblangan Milliy matbuot klubi yangi cheklovlarni Tramp ma’muriyatining Pentagon ustidan jurnalistik nazoratni cheklashga qaratilgan harakatlaridagi “tashvishli eskalatsiya” deb atagan.
“AQSH armiyasi haqida mustaqil jurnalistik yoritish – ixtiyoriy emas, balki zaruratdir”, degan Milliy matbuot klubi prezidenti Mark Shoeff bayonotida.
Uning ta’kidlashicha, jurnalistlar yoritayotgan muassasalardan uzoqlashtirilganda, Amerika jamoatchiligi kamroq ma’lumot oladi, shaffoflik va nazorat darajasi pasayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon 7 ta sun’iy intellekt kompaniyasi bilan kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi