AQSH JCHda dronlarga qarshi kurash uchun 250 mln dollar ajratdi
Sport
−
31 dekabr 2025 1123 2 daqiqa
AQSHning Vashington ma’muriyati 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi choralarni kuchaytirish uchun 11 shtat hokimiyatiga 250 million dollar ajratdi. Bu haqda AQSHning Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal agentligi xabar berdi.
Hujjatda qayd etilishicha, idora chempionat uchrashuvlari o‘tkaziladigan 11 shtatga, shuningdek AQSH poytaxt mintaqasiga grantlar ko‘rinishida 250 million dollar ajratgan. Bayonotda aytilishicha, “mablag‘ oluvchilar ushbu mablag‘lardan dronlarni aniqlash, identifikatsiya qilish, kuzatish hamda ularga qarshi choralar ko‘rish imkoniyatlarini rivojlantirish uchun foydalanishlari mumkin”.
“Oxirgi yillarda jinoyatchilar, terrorchilar va dushmanona kayfiyatdagi xorijiy sub’ektlar uchuvchisiz apparatlardan faolroq foydalana boshladi... Biz dronlar bilan bog‘liq ortib borayotgan tahdid fonida Jahon chempionatida xavfsizlikni ta’minlash uchun tezkor harakat qilish zarurligini bilardik va biz aynan shunday qildik”, deydi agentlik vakili.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha Kanada, Meksika va AQSHda bo‘lib o‘tadi. Unda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati tomoshabinlar tajribasini tubdan o‘zgartirishi kutilayotgan ikki katta yangilikni taqdim etgandi. Xususan, Jahon chempionati final uchrashuvida Amerika Superkubogidan ilhomlangan maxsus tanaffus shousi namoyish etiladi. Shuningdek, FIFA OAV uchun yangilangan, yanada qat’iy qoidalarni joriy qilgan. Unga ko‘ra, murabbiylar va futbolchilar o‘yinlar vaqtida, ya’ni birinchi bo‘lim yakunlangach majburiy teleintervyu berishlari lozim.