AQSH yordamisiz Ukraina mavjud bo‘lmas edi – Rubio

Olam

−

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington va Prezident Donald Tramp ma’muriyatining yordamisiz Ukraina suveren davlat sifatida mavjud bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda u Hindistonga tashrifi davomida jurnalistlar bilan suhbatda gapirdi.

Rubio bu fikrlarni AQSH Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini yetkazish va harbiy yordam ko‘rsatishni ataylab to‘xtatgani haqidagi xabarlarga izoh berayotganda bildirgan. U Vashington bunday choralarni ataylab ko‘rganini rad etgan.

“Amerika Qo‘shma Shtatlarining, jumladan, Tramp ma’muriyati davrida ko‘rsatgan yordami bo‘lmaganida, hozir Ukraina mavjud bo‘lmas edi. Ukraina suveren davlat sifatida mavjud bo‘lmas edi”, degan Rubio.

Davlat kotibi, shuningdek, AQSH Ukrainadagi Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi faoliyatini sekinlashtirishga aloqador emasligini bildirgan. Uning aytishicha, Vashington xususiy kompaniyaning o‘z mahsulotidan qanday foydalanishini nazorat qila olmaydi. Rubio AQSH Prezidenti Donald Tramp bu qarordan oldin xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmasligini ham aytgan.

Avvalroq, “The Wall Street Journal” nashri SpaceX kompaniyasi rahbari Ilon Mask Starlink tizimi ishini sekinlashtirishga ko‘rsatma bergani haqida xabar tarqatgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Mask tizim faoliyati sekinlashtirilgani ommaga ma’lum bo‘lganidan keyin bu qarorni Tramp bilan muhokama qilgan. Boshqa bir manba esa Mask o‘zgarishlar kuchga kirishidan oldin ham bu masalani AQSH ma’muriyati vakillari bilan muhokama qilganini aytgan.

Rubio Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha ham fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir juda murakkab muzokaralar olib borilmoqda va ularda Ukrainaning sharqidagi Donbass taqdiri asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi. Tomonlar kelishuvga erishish uchun bir nechta yangi takliflarni ilgari surgan.

“Har ikki tomon ham nimadandir voz kechishga rozi bo‘lishi kerak va bu muzokaralar qiyin kechmoqda. Menimcha, Ukraina uchun eng muhim maqsad – uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash, kelajakda mamlakatga qayta bostirib kirilmasligi yoki yana hujum qilinmasligiga ishonch hosil qilish”, degan Rubio.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marko Rubio Ukraina hali Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Amerikaning Starshield harbiy sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanish huquqini olmaganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing