AQSH yana Yaman hududiga zarba berdi
Olam
−
20 yanvar
3724Kecha, 19 yanvar kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududga yana zarba berdi va kemalarga qarshi uchta raketasini yo‘q qildi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
“19 yanvar kuni Yaman poytaxti Sana vaqti bilan taxminan 18:45da AQSH Markaziy qo‘mondonligi kuchlari Qizil dengizning janubiy qismiga yo‘naltirilgan va uchirishga tayyor bo‘lgan husiylarning uchta kemaga qarshi raketalariga hujum qildi”, deydi CENTCOM xabarida.
Qayd etilishicha, raketalar husiylar nazorati ostidagi Yaman hududida joylashgan.
“AQSH kuchlari o‘zini himoya qilish maqsadida hujum qilib, raketalarni yo‘q qildi”, deyiladi bayonotda.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham 19 yanvar kuni AQSH armiyasi “husiy raketa uchiruvchi qurilmalarini” nishonga olgani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 yanvar kuni erta tongda Arab dengizidagi Adan ko‘rfazida husiylar Amerika kompaniyasiga qarashli Chem Ranger tankeriga ikkita ballistik raketa uchirgandi.
LiveBarchasi