AQSH Yamandagi husiylar nishonlariga raketa zarbalari berdi
Olam
−
05 Oktabr
3562Kecha, 4 oktyabr kuni Qo‘shma Shtatlar Yamandagi husiylar nazorati ostidagi qator nishonlarga raketa zarbalari berdi. Bu haqda “AP News” xabar berdi.
Avvaliga Amerika qo‘mondonligidan bu haqda hech qanday rasmiy xabar yo‘q edi, biroq husiylar tomonidan nazorat qilinadigan Yaman OAVlarining xabarlari anonimlik sharti bilan AQSH ma’muriyati vakili tomonidan tasdiqlangan.
Ushbu xabarlarga ko‘ra, hujumlar Amerika harbiy samolyotlari va kemalaridan amalga oshirilgan. Nishonlar orasida Qizil dengiz sohilidagi Xodeyda shahridagi aerodrom va harbiy baza bor edi. Husiylar nazorati ostidagi poytaxt Sana, shuningdek, Damar shahrida bir nechta nishonga zarba berildi. Yamanning “Al Masirah” telekanali Britaniya qo‘shinlari amerikaliklar bilan birga zarbalar berganini da’vo qilgan, biroq Britaniya hukumatidagi manbalar buni rad etmoqda. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Keyinroq AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida Yamandagi husiy nishonlariga qilingan hujumlar haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
“Zarbalar jangarilar nazorati ostidagi hududlardagi 15 ta nishonga berildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, operatsiyadan maqsad Amerika, koalitsiya va savdo kemalari uchun navigatsiya erkinligi va xalqaro suvlar xavfsizligini himoya qilish edi.
2023 yil oktyabr oyidan beri husiylar Arab dengizi va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida Isroil bilan bog‘liq deb hisoblangan xorijiy kemalarga muntazam hujum qilib keladi. Shu paytgacha ikkita kema cho‘kib ketdi, yana bir nechtasi zarar ko‘rdi. Husiylar AQSHning bir nechta kuzatuv dronlarini ham urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Ilgari Qo‘shma Shtatlar husiylarning AQSH va uning ittifoqchilarining kemalari hamda harbiy kemalariga hujumlariga javoban Yamandagi husiy nishonlariga bir necha bor zarbalar bergan. Isroil, shuningdek, Yamanni bir necha bor bombardimon qilgan, jumladan, Xodeyda portini vayron qilgan.
LiveBarchasi