AQSH, Venesuelaning ichki ishlariga burningni tiqma – Maduro
Olam
−
02 avgust
6101Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSHni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi. Poytaxt Karakasdagi Miraflores prezidentlik saroyi balkonidan tarafdorlariga murojaat qilgan Maduro AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga shunday javob qaytardi.
Maduro Venesuela suveren davlat ekanini va xalqning irodasi saylovlarda namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
“AQSH Venesuelada yana bir prezident borligini aytmoqda. AQSH, Venesuelaning ichki ishlariga burningni tiqma", degan Prezident Maduro.
Shuningdek, Maduro AQSHni Gaiti va Ekvadordagi ssenariyni Venesuelada takrorlashga urinayotganlikda aybladi.
“Deyarli 85 foizi Kolumbiya, Peru, Chili va Texasdan kelgan muhojirlar. Biz ko‘plab davlat to‘ntarishlarini ko‘rdik, lekin bunday xususiyatga ega jinoyatchilarning bunday katta tuzoq qo‘yganini hech qachon ko‘rmaganmiz. Bular yangi avlod to‘dalari. Ular Venesuelani to‘dalar to‘dasi bo‘lgan Gaiti va Ekvadorga aylantirmoqchi”, deb ta’kidladi Venesuela rahbari.
Davlat rahbari Milliy saylov kengashi tomonidan e’lon qilingan saylov natijalariga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan barcha nomzodlarni o‘z protokollarini Milliy saylov kengashi va Venesuela Oliy sudiga taqdim etishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy saylov kengashi va Venesuela Oliy sudi tomonidan protokollarni o‘rganib chiqilgandan keyin qabul qilingan qarorlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Maduro bu muassasalarga o‘z protokollarini ham taqdim etishini aytdi.
Ma’lumot uchun, Venesuelada joriy yilning 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi Prezident Nikolas Maduro g‘olib deb e’lon qilindi, biroq saylov idoralari bu da’voni tasdiqlash uchun batafsil natijalarni oshkor eta olmadi. Natija ko‘pchilik tomonidan so‘roq ostida qoldi, AQSH va Yevropa Ittifoqi Venesuela hukumatidan ovoz berish haqidagi batafsil ma’lumotlarni oshkor qilishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Venesueladagi siyosiy kuchlar prezidentlik vakolatlarini muxolifat yetakchilaridan biri Edmundo Gonsalesga topshirish masalasini muhokama qilishni boshlash vaqti kelganini aytgandi.
LiveBarchasi