AQSH Vakillar palatasiga yangi Spiker saylandi
Olam
−
26 Oktabr 2023
5273Amerikalik kongressmen Mayk Jonson (Luiziana shtatidan, respublikachi) Vakillar palatasi Spikeri etib saylandi.
Jonson 220 ta ovoz oldi, bu uning g‘alaba qozonishi uchun yetarli bo‘ldi.
"Luiziana shtatidan Mayk Jonson ko‘p ovoz oldi va tegishli tartibda Vakillar Palatasining spikeri etib saylandi", degan vaqtinchalik spiker sifatida xizmat qiluvchi Patrik Makgenri.
25 oktyabrga o‘tar kechasi yopiq ovoz berishda respublikachilarning aksariyati Jonsonning Vakillar palatasi spikeri lavozimiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Bu post AQSH hukumati iyerarxiyasida uchinchi o‘rinda turadi.
Ma’lumot uchun, Jonson o‘tmishda AQSHning Ukrainaga yordami bilan bog‘liq ayrim qonun hujjatlariga qarshi ovoz bergan. Uning ta’kidlashicha, Kiyev olingan mablag‘larni qanday sarflashi haqida to‘liq oydinlik talab etiladi. Yaqin vaqtgacha u nisbatan kam tanilgan kongressmen edi. Jonson AQSH Kongressi Quyi palatasining Sud-huquq qo‘mitasida, shuningdek, uning Qurolli kuchlar qo‘mitasida ishlagan. U Amerikaning avvalgi prezidenti Donald Trampning ashaddiy tarafdori sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, 3 oktyabr kuni Vakillar palatasida ko‘pchilik Kevin Makkartining (Kaliforniyadan) spikerlik lavozimidan chetlatilishini qo‘llab-quvvatladi. AQSH tarixida birinchi marta Vakillar palatasi spikeri lavozimidan chetlatildi. Makkarti lavozimini tark etgach, kongressmenlar Jim Jordan (Ogayo shtatidan) va Stiven Skaliz (Luiziana shtatidan) nomzodlarini ko‘rib chiqdi. Biroq ular qonunchilar tomonidan zarur miqdorda qo‘llab-quvvatlanmadi.
Yangi spiker saylangunga qadar Kongress quyi palatasining ishi amalda falaj bo‘lib qoldi. Kongressmenlarga muhim masalalar, jumladan, 1 oktyabrda boshlangan 2024-moliya yili uchun byudjet, shuningdek, Ukraina va Isroilga yangi yirik harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ovoz berish huquqi berilmagan.
LiveBarchasi