AQSH va Yevropa Xomanaiyning keyingi vorisi haqida bosh qotiryapti

Olam

image

AQSH va Yevropa Ittifoqi diplomatlari Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiydan keyingi vorisi kim bo‘lishi haqida yashirin muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda amerikalik va yevropalik diplomatlarga tayanib, CBS News xabar berdi.

Diplomatlar shuningdek, Eronning yadro ob’ektlari va xavfli materiallarini saqlash imkoniyati, ularga qarshi hujumlar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik va tibbiy xavflar haqida ham muhokamalar olib borayotganini ma’lum qilgan. Ularning fikricha, kelgusi ikki hafta diplomatik yechimga erishish uchun “so‘nggi imkoniyat” bo‘lishi mumkin.

Islom inqilobidan so‘ng Eronni oliy rahbar – Oyatulloh boshqaradi. Bu lavozim hozirda Ali Xomanaiyga tegishli bo‘lib, u 1989 yildan buyon hokimiyatda. 86 yoshli Xomanaiy davlatdagi barcha muhim qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni ham hisoblanadi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa siyosiy jihatdan Xomanaiydan past turadi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro kuchayganidan ikki kun o‘tib, “The Wall Street Journal” Isroil amaldorlariga tayanib, Eronning har qanday harbiy nishoni, hatto Oyatulloh Ali Xomanaiyni yo‘q qilish ham ko‘rib chiqilayotganini xabar qildi. Bu orada Isroil armiyasi 20 dan ortiq yuksak martabali eronlik harbiylarni va 9 nafar yadro olimini yo‘q qilganini e’lon qildi.

Shundan so‘ng “Reuters” ikki manbaga asoslanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Xomanaiyni yo‘q qilish rejasiga veto qo‘yganini yozdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ziga suiqasd uyushtirilgan taqdirda lavozimini egallash uchun uchta nomzodni tanlagandi. Xomanaiy oliy rahbar lavozimiga nomzod sifatida uchta yuqori martabali ulamoni tanlagan, shuningdek, yuqori martabali amaldorlar yana bir bor yo‘q qilingan taqdirda harbiy qo‘mondonlik zanjiridagi vorislar haqida ham qaror qabul qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing