AQSH va Tojikiston Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyasini bildirdi

Olam

image
Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi notinchlik fonida AQSH Mudofaa vaziri bilan uchrashdi north_east

Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi notinchlik fonida AQSH Mudofaa vaziri bilan uchrashdi

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni, shuningdek Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

“Davlat kotibi bugun (1 iyul) Davlat departamentida bo‘lib o‘tgan AQSH va Tojikiston o‘rtasida yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarning sakkizinchi raundini mamnuniyat bilan kutib oldi. Davlat kotibi AQSH-Tojikiston ikki tomonlama munosabatlarining mustahkamligi va muhimmiyatini yana bir bor tasdiqladi hamda Tashqi ishlar vaziriga mintaqaviy xavfsizlik masalasida yetakchi bo‘lib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Blinken, shuningdek AQSHning inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy rivojlanish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga, Tojikiston xavfsizligi, barqarorligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini bildirgan.

“Davlat kotibi va Tashqi ishlar vaziri Afg‘onistondagi adolatli va barqaror kelishuv mintaqadagi iqtisodiy o‘sish va integratsiyaga hissa qo‘shadi degan fikrni tasdiqladi”, deyiladi xabarda.

Keyinchalik, Davlat departamenti matbuot xizmati AQSH va Tojikiston o‘rtasida yuqorida aytib o‘tilgan sakkizinchi ikki tomonlama maslahatlashuvlardan so‘ng qo‘shimcha press-reliz chiqardi. Xabarda aytib o‘tilishicha, muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Din Tompson vaqtincha rahbarlik qilgan. Ushbu uchrashuvda AQSH vakillari “Tojikistonning mustaqilligi, suvereniteti va farovonligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan”.

Bundan tashqari, uchrashuvda diniy erkinlik, odam savdosiga qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlik hamda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish muhokama qilingan.

Avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik va Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilingan.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Tojikiston

Baholaganlar

163

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar