Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi notinchlik fonida AQSH Mudofaa vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
02 iyul 2021
6203Kecha, 1 iyul kuni Vashington shahriga O‘zbekiston delagatsiyasi rahbari sifatida kelgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida Pentagon rahbari vazir Abdulaziz Komilovni O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklagan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
“Muzokaralarda mudofaa yo‘nalishidagi, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi. Turli darajalar va yo‘nalishlardagi muntazam muloqot sababli so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Amerika aloqalari ijobiy o‘sish suratlarini kasb etayotgani, amaliy mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarning O‘zbekiston tomonidan ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlanayotganini olqishlagan hamda ushbu mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyasiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Republikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgandi. Komilov va Blinken o‘rtasidagi muhokama mavzusi ham Afg‘onistondagi vaziyat bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov Toshkent shahriga siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajali muloqotida ishtirok etish uchun kelgan Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi o‘rinbosari Enrike Mora bilan Afg‘onistondagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdi.
LiveBarchasi