AQSH va MO davlatlari Afg‘onistondagi kuchlar va terrorchilarga muhim ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistonda hokimiyatning zo‘rlik bilan tortib olinishiga, shuningdek, ushbu mamlakat hududidan boshqa davlatlarning xavfsizligiga tahdid solishda terroristik baza sifatida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligini e’lon qildi. 

“C5+1 mamlakatlari Afg‘oniston masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun qulay va farovon sharoitlarni yaratishga intilmoqda”, deyiladi Markaziy Osiyo davlatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va Amerika Qo‘shma Shtatlari (C5+1) tomonidan kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH bayonotida Afg‘onistondagi mojaro ishtirokchilarining barchasiga muammoni afg‘on xalqining huquqlarini hurmat qilgan holda, faqat tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Bayonotda, shuningdek, “Afg‘onistonda yangi hukumatning majburiy ravishda o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlamaslik va terrorchilar hamda uchinchi tomonning Afg‘oniston hududidan C5+1 davlatlari yoki boshqa biron bir mamlakatga tahdid yoki ularga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik” aytilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH bayonotda o‘zaro aloqalarni kengaytirishga sodiq ekanliklari hamda savdo, transport, energetik aloqalar orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashni tasdiqlashgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq bo‘ldi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing