AQSH va Xitoy rahbarlari nimalarga kelishib oldi?
Olam
−
16 noyabr 2023
9874Kecha, 15 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy Raisi Si Szinpin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida San-Fransiskodan 40 km janubda joylashgan Amerika tarixi va me’morchiligi yodgorligi bo‘lgan Filolida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yil hisobiga birinchi marta o‘tkazilayotgan yetakchilarning yuzma-yuz uchrashuvi taxminan to‘rt soat davom etgan. Unda Jo Bayden va Si Szinpin ikki davlat harbiylari o‘rtasida yuqori darajadagi muloqotni tiklashga kelishib olgan.
“Yetakchilar tenglik va hurmat asosida ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasida yuqori darajadagi aloqalarni tiklash, Xitoy Xalq Respublikasi va AQSH Mudofaa vazirlarining ishchi uchrashuvlari, dengiz xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar va jangovar qo‘mondonlik zonalari komandirlari o‘rtasidagi telefon suhbatlari mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi”, deyiladi “Sinxua” agentligining xabarida.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining 2022 yil avgust oyida Tayvanga tashrifidan so‘ng Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan va mudofaa idoralari o‘rtasidagi muloqot amalda to‘xtatilgan.
“Reuters” yuqori martabali amerikalik amaldorlarga tayanib xabar berishicha, yetakchilar Xitoyning harbiy sohadagi yadroviy masalalar bo‘yicha harakatlarida ochiqlik zarurligini muhokama qilingan. Bayden va Si Szinpin milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar o‘rtasidagi Tayvan, Ukraina va Yaqin Sharq bo‘yicha muzokaralar bo‘lishi kerakligini aytgan.
Uchrashuvda Si Szinpin Qo‘shma Shtatlarni xalqaro maydonda Xitoyga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirgan.
"Mamlakatimiz Qo‘shma Shtatlarni quvib o‘tishni yoki uni siqib chiqarishni rejalashtirmayapti. AQSH Xitoyga bosim o‘tkazishni to‘xtatishi kerak. Xitoy o‘z mantig‘i va qoidalariga ko‘ra rivojlanmoqda", degan Si Szinpin.
Shuningdek, u ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolish va rivojlantirish uchun Qo‘shma Shtatlarga besh tamoyilni eslatgan.
"XXR va Amerika Qo‘shma Shtatlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tayanadigan beshta ustunni faol ravishda qurishlari kerak. Bular bir-birini to‘g‘ri qabul qilish, kelishmovchiliklarni bartaraf etish, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish, munosib siyosat olib borish va madaniy-gumanitar aloqalarni musahkamlashdir", degan Xitoy rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin albatta o‘z manfaatlarini himoya qiladi. Si Szinpinning aniqlik kiritishicha, Xitoy tomoni hamkorlikning ham an’anaviy, ham yangi yo‘nalishlari – AQSH bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi va sun’iy intellekt sohasida o‘zaro hamkorlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish dasturlarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.
Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida Si Szinpin giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ilmiy-texnik loyihalarni qayd etgan. Shuningdek, u mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda pozitsiyalarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhimligini ta’kidlagan. Szinpinga ko‘ra, Xitoy Qo‘shma Shtatlarga parvozlarni ko‘paytirish va turizm sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor.
Shundan so‘ng, yetakchilar Tayvan masalasi haqida gaplashib olgan.
“O‘ylaymanki, Rais Si Szinpin xavotirlarga oydinlik kiritdi – bu AQSH-Xitoy munosabatlaridagi asosiy, potensial eng xavfli masala ekanligini ta’kidladi. Ular tinch yo‘l bilan birlashishni afzal ko‘rishlarini ochiq-oydin bildirdilar, ammo keyin darhol kuch ishlatish shartlariga o‘tdi", deydi muzokaralardan xabardor AQSH ma’muriyati vakili.
Shuningdek, Szinpin AQSHda Xitoy 2027 yoki 2035 yillarda harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘layotganidan xabardorligiga ishora qilgan.
"U bu haqda qandaydir jahl bilan gapirayotganga o‘xshardi. Keyin u aslida bunday rejalar yo‘qligini, bu haqda u bilan hech kim gaplashmaganini gapirib o‘tdi", deydi Amerika ma’muriyati vakili.
Rasmiyning ta’kidlashicha, liderlar Tayvan masalasi bo‘yicha "to‘liq muloqot" o‘tkazgan. Bayden Qo‘shma Shtatlar tinchlik va barqarorlikni saqlash tarafdori ekanini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi status-kvoni qo‘llab-quvvatlagan va Xitoydan Tayvandagi saylov jarayonini hurmat qilishni so‘ragan.
Shuningdek, Prezident Bayden Xitoy rahbariga AQSHning Ukraina atrofidagi vaziyatdan xavotirini ochiq aytgan.
“Prezident Bayden qisqaroq sessiyalarda Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha xavotirlarimizni aniq aytdi, shuningdek, Yaqin Sharqdagi keyingi qadamlarni muhokama qildi va Xitoydan Eron bilan muzokaralarda ishtirok etishini so‘radi”, deydi Oq uy vakili.
Bundan tashqari, Bayden KXDRning to‘liq yadrosizlanishi muhimligini ta’kidlagan.
“Prezident Amerika Qo‘shma Shtatlarining navigatsiya va havoda parvoz qilish erkinligi, xalqaro huquq normalariga rioya qilish, Janubiy Xitoy va Sharqiy Xitoy dengizlarida tinchlik va barqarorlikni saqlash, Koreya yarimorolini to‘liq yadrosizlantirish masalasini ko‘tardi”, deyiladi Oq uy tomonidan e’lon qilingan yozma bayonotda.
Ma’lumot uchun, San-Fransisko yaqinidagi muzokaralar Bayden Prezident lavozimini egallaganidan beri ikki yetakchi o‘rtasidagi yettinchi muloqot bo‘ldi, biroq bu ularning ikkinchi yuzma-yuz uchrashuvi xolos. Shu bilan birga, Szinpinning 6 yil ichida AQSHga birinchi tashrifi. Ikki davlat yetakchilarining avvalgi to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvi o‘tgan yilning noyabr oyida Balidagi G20 sammitida bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi