AQSH va Xitoy norasmiy yadroviy muzokaralar o‘tkazdi
Olam
−
22 iyun
2753Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy so‘nggi besh yil ichida birinchi marta yadroviy qurollar bo‘yicha yarim rasmiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Reuters” ikki amerikalik delegatga tayanib xabar berdi.
Muzokaralar, agar tinch yo‘l bilan birlashish imkoni bo‘lmasa, rasmiy Pekin tomonidan Tayvan orolini harbiy yo‘l bilan bo‘ysundirishga ishora qiluvchi omillar oxirgi paytda urchiganligi fonida olib borildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH va Xitoy mazkur masala bo‘yicha aloqalarni joriy yilning mart oyida boshlagan.
AQSH rasmiylari Xitoy Tayvan bo‘yicha mojaroda mag‘lubiyatga uchrasa, yadro qurolidan foydalanishi yoki ishlatish bilan tahdid qilishi mumkinligi haqida xavotir bildirgan. Xitoy vakillari esa bu masala yuzasidan hech qanday xavotirlarga o‘rin yo‘q ekanini ikkinchi tomonga ma’lum qilgan.
“Ular AQSH tomoniga yadro qurolidan foydalanmasdan Tayvan ustidan an’anaviy kurashda g‘alaba qozonishga qodirligiga mutlaqo amin ekanliklarini aytishdi”, deydi ushbu muzokaralarda Qo‘shma Shtatlar vakili sifatida ishtirok etgan olim Devid Santoro.
Shanxay mehmonxonasi konferensiya zalida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvning norasmiy yoki yarim rasmiy deyilishiga sabab, unda qatnashgan ishtirokchilar orasida rasmiy vakillar qatorida sobiq amaldorlar va akademiklar ham bo‘lgan. Xususan, Vashingtondan o‘nga yaqin rasmiy delegatlar, jumladan sobiq amaldorlar va olimlar ishtirok etgan. Pekin esa olim va tahlilchilardan iborat delegatsiya yuborgan. Ular orasida Xalq ozodlik armiyasining bir necha sobiq zobitlari ham hozir bo‘lgan.
AQSH Davlat departamenti vakili “Reuters”ning savollariga javoban, bu konferensiya rasmiy muzokara o‘rnini bosa olmasligini ta’kidlashiga qaramay, mazkur sa’y-harakatlar ikki davlat uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Xitoy delegatsiyasi a’zolari va Mudofaa vazirligi esa bu voqelik haqidagi so‘rovlarga javob bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, Pekin demokratik yo‘l bilan boshqariladigan va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng miqyosda tan olinmagan Tayvan orolini o‘z hududi deb biladi. Biroq bu da’vo Taybey hukumati tomonidan rad etib kelinadi. Xitoy va Tayvan 1949 yilda uzoq yillik fuqarolar urushi oqibatida ikkiga bo‘lingan.
LiveBarchasi