3 kundan so‘ng dunyodagi yadroviy qurollar nazoratsiz qoladi
Olam
−
02 fevral 34678 2 daqiqa
Uch kundan keyin Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomaning (SNV-3) amal qilish muddati yakuniga yetadi. Bu AQSH va Rossiya tasarrufidagi joylashtirilgan yadroviy kallaklar sonini cheklab kelgan, huquqiy jihatdan majburiy bo‘lgan so‘nggi kelishuv hisoblanadi. Uning o‘rnini bosadigan yangi shartnoma esa hozircha mavjud emas. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, joriy yilning 5 fevralidan keyin nafaqat miqdoriy cheklovlar, balki nazorat mexanizmlari, jumladan, o‘zaro inspeksiyalar va muntazam ma’lumot almashinuvi ham to‘xtaydi. Natijada dunyodagi eng yirik yadroviy davlatlar o‘rtasida strategik qurollar bo‘yicha amalda bo‘lgan birorta ham kelishuv qolmaydi.
Karnegi jamg‘armasining yadroviy siyosat dasturi hamraisi Jeyms Aktonning fikricha, dunyo yangi qurollanish poygasiga kirib bormoqda. Uning aytishicha, yaqin kelajakda qurollarni cheklash bo‘yicha yangi shartnoma tuzilishi ehtimoli nihoyatda past.
AQSHning SNV-3 bo‘yicha sobiq bosh muzokarachisi Rouz Gettemyuller Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shartnoma parametrlariga ixtiyoriy rioya qilish haqidagi taklifi to‘liq, huquqiy jihatdan majburiy mexanizmning o‘rnini bosa olmasligini bildirgan. Uning bahosiga ko‘ra, arsenallar kengaytiriladigan bo‘lsa, Rossiya mavjud tashuvchilar orqali kallaklar sonini tezroq oshirish imkoniyatiga ega, bu esa AQSHni nisbatan noqulay holatga solib qo‘yishi mumkin.
Mutaxassislar SNV-3 muddati tugashi yadroviy arsenallarning darhol oshishini anglatmasligini aytmoqda. Biroq, huquqiy cheklovlar va shaffoflikning yo‘qligi strategik xatolar xavfini kuchaytiradi hamda yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha global rejimni zaiflashtiradi.
Ma’lumot uchun, SNV-3 shartnomasi 2010 yilda o‘n yil muddatga imzolangan va bir marta – 2026 yil 5 fevralgacha uzaytirilgan. U joylashtirilgan yadroviy kallaklar sonini 1 550 birlik bilan cheklagan, shuningdek, o‘zaro inspeksiyalar va xabardor qilish tizimini nazarda tutgan. Shartnoma muddati tugashi bilan bu mexanizmlar ham o‘z kuchini yo‘qotadi.
Live
Barchasi