AQSH va Isroil Eronni bombardimon qilmoqchi – NYT

Olam

−

image

AQSH va Isroil Eronga qarshi yangi harbiy operatsiya rejasini ishlab chiqdi. Hujumlar joriy yilning 3 noyabr kuni AQSH Kongressiga o‘tkaziladigan oraliq saylovlardan keyin boshlanishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib “The New York Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, rejalashtirilayotgan operatsiya qisqa muddatli, ammo shiddatli bo‘lishi mumkin. Ehtimoliy nishonlar qatorida Eronning yadroviy ob’ektlari, energetika infratuzilmasi, raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari arsenallari bor. Tayyorgarlik doirasida harbiy mashg‘ulotlar faollashtirilgan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan ehtimoliy hujumlarni ham muhokama qilgan.

Manbalarning fikricha, yangi zarbalar Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazib, Tehronni yon berishga majbur qilishi mumkin. Biroq ayrim suhbatdoshlar bu safargi operatsiya avvalgi hujumlardan samaraliroq bo‘lishiga shubha bildirgan. AQSH va Isroilning fevraldan aprelgacha davom etgan avvalgi zarbalari energiya narxlari oshishiga va AQSHning raketalarni tutib qoluvchi raketalari zaxirasi kamayishiga olib kelgan.

Hozircha AQSH Prezidenti Donald Tramp yangi operatsiyani ma’qullaydimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Isroilda joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar ham rejalarga ta’sir qilishi mumkin. Ayrim ekspertlar Netanyaxu urush xavfidan foydalanib, milliy birlik hukumatini tuzishga urinishi mumkinligini taxmin qilgan.

AQSH mintaqada mojaro kengayishidan ham xavotirda. Kecha, 21 oktyabr kuni Davlat departamenti Saudiya Arabistonidan mamlakatda qolishi shart bo‘lmagan amerikalik davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolarini olib chiqish haqida ko‘rsatma bergan. Bunga Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylarning hujumlari sabab bo‘lgan. AQSHning uchta avianosets kemasi, qiruvchi samolyotlari va maxsus kuchlar bo‘linmalarini o‘z ichiga olgan harbiy kuchlari noyabr oyi boshigacha mintaqada joylashtirilishi kutilmoqda.

Muhokama qilinayotgan nishonlar orasida Eronning yer ostida joylashgan “Pikeks” yadroviy ob’ekti ham bor. Tramp unga qarshi GBU-43/B rusumli, “Barcha bombalarning onasi” nomi bilan tanilgan aviabombadan foydalanish ehtimolini tilga olgan. Biroq ekspertlar ushbu bomba chuqur yer ostida joylashgan majmuani vayron qila olishiga shubha bildirmoqda.

Eron ham ehtimoliy yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tehron kemalar va energetika infratuzilmasidan tashqari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda suvosti internet kabellarini ham nishonga olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Eron muzokarachisining maslahatchisi Mehdi Muhammadiy AQSHning harbiy kampaniyani 72 soat ichida yakunlash haqidagi hisob-kitobini “xayolparastlik” deb atab, javob zarbalari yanada shiddatli va kutilmagan bo‘lishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning 10 oktyabrga rejalashtirilgan Eronga qarshi operatsiyasi Tramp keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlashni istamagani sababli bekor qilingani haqida xabar berilgan edi. Isroil harbiylari yadroviy ob’ektlar, Eron rahbariyati, elektr stansiyalari va boshqa infratuzilma ob’ektlariga qarshi bir necha kunlik hujumlar rejasini tayyorlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing