Tramp Netanxuning Eronga hujum qilishiga qarshi chiqqan – FT

Olam

−

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanxu joriy yilning 10 oktyabr kuni Eronga qarshi bir necha kun davom etishi rejalashtirilgan keng ko‘lamli hujumni amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Hujum Eronning yadroviy ob’ektlari, elektr stansiyalari va muhim infratuzilmasini nishonga olishi kerak edi. Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp operatsiyaga to‘sqinlik qilgan. Bu haqda uchta manbaga tayanib, “Financial Times” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tramp joriy yilning 3 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar arafasida yangi urush boshlanishini istamagan. Hozircha hujum rejasi kechiktirilgan bo‘lsa-da, Eronga qarshi yangi harbiy operatsiya ehtimoli kun tartibida qolmoqda.

“Financial Times” gazetasining xabariga ko‘ra, Netanxu oktyabr oyi boshida Isroil armiyasiga Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Rejadan xabardor uchta manbaning aytishicha, Isroil armiyasi 10 oktyabr dam olish kunlari boshlanishi va bir necha kun davom etishi rejalashtirilgan havo hujumini tayyorlagan.

Operatsiya AQSH va Isroilning fevral oyida Eronga qarshi boshlagan harbiy kampaniyasidan ham shiddatliroq bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Tayyorlangan hujum rejasiga Eronning yadroviy ob’ektlaridan tashqari elektr stansiyalari, fuqarolik infratuzilmasi va boshqaruv bilan bog‘liq strategik ob’ektlar ham kiritilgan.

Ma’lum qilinishicha, Isroil rasmiylari yangi razvedka ma’lumotlari asosida tuzilgan nishonlar ro‘yxatining yangilangan variantini amerikalik hamkasblariga taqdim etgan. Ro‘yxatga avvalgi hujumlar vaqtida zarba berilmagan infratuzilma ob’ektlari ham kiritilgani aytilgan.

Isroil tayyorlagan operatsiya amalga oshirilmagan. “Financial Times” bilan suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, hujumning kechiktirilishiga asosiy sabab AQSH Prezidenti Donald Trampning bunga qarshi chiqqani bo‘lgan. Tramp 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH Kongressiga oraliq saylovlar arafasida Eron bilan keng ko‘lamli mojaro qayta boshlanishini istamagan.

Shuningdek, AQSH Prezidenti 8 oktyabrdagi bayonotida ham oraliq saylovlargacha Eronga hujum qilmasliklarini bildirgandi.

Hujum rejasi amalga oshirilmaganiga qaramay, Isroil va AQSH Eronga qarshi harbiy choralar ko‘rish imkoniyatini kun tartibidan chiqarmagan. Nashr keltirgan manbalardan biri yaqin haftalarda yangi operatsiya o‘tkazilishi mumkinligini, ehtimoliy hujumda AQSH ham ishtirok etishi mumkinligini aytgan. Taxminlarga ko‘ra, Vashington ma’muriyati Eronni yadroviy dasturi va Hormuz bo‘g‘ozi masalalarida kelishuvga erishishga majburlash uchun harbiy bosim o‘tkazishi mumkin.

AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegsetning joriy yilning 19 oktyabr kuni Isroilga tashrifi ham e’tiborni tortdi. U tashrif davomida Netanxu va yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashgan.

Uchrashuvlar Eronga qarshi ehtimoliy yangi harbiy operatsiya muhokamalari davom etayotgan bir paytda o‘tkazilgan. Biroq 10 oktyabrga rejalashtirilgan operatsiyada AQSH qurolli kuchlari bevosita ishtirok etishi ko‘zda tutilganmi yoki yo‘qmi, bu masala ochiq qolgan. Bundan tashqari, Isroilda joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan saylovlar arafasida armiyaning jangovar shayligi oshirilgani xabar qilingan.

Ma’lum qilinishicha, Isroil Bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir saylovlar xavfsizligi nuqtai nazaridan harbiy xizmatchilarning ta’tillarini to‘xtatgan va shaxsiy tarkibga harbiy qismlarda shay holatda bo‘lishni buyurgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing