AQSH va G‘arbning Rossiyadagi voqealarga aloqasi yo‘q – Bayden
Olam
−
27 iyun 2023 4864 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari va umuman G‘arb Rossiyadagi isyonga urinishda ishtirok etmadi. Bu haqda kecha, 26 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uydagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Biz Rossiyadagi juma va shanba (23, 24 iyun) kungi voqealarga aloqador emasligimizni aniq aytdik. Bizning bunga hech qanday aloqamiz yo‘q edi. Bu Rossiya tizimining ichki kurashining bir qismi edi", degan Bayden.
Shu bilan birga u Vashington, Rossiyadagi keyingi voqealardan qat’iy nazar, Ukrainaga yordam berishda davom etishini bildirgan. Baydenning ta’kidlashicha, u bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga o‘tgan hafta oxirida ular o‘rtasida bo‘lgan telefon suhbatida yetkazgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bir nechta ssenariyga tayyor edi. Shuningdek, Bayden boshqa G‘arb yetakchilari bilan Rossiyadagi vaziyat yuzasidan yangi telefon maslahatlashuvlari o‘tkazish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning Moskva tomon yurishi bo‘layotganda AQSH Prezidenti Jo Bayden Britaniya, Germaniya va Fransiya yetakchilari Rishi Sunak, Olaf Shols va Emmanuel Makron bilan Rossiyadagi vaziyatni muhokama qilgandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, G7 Tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqi Tashqi siyosati rahbari Jozep Borrel bilan telefon orqali muloqotda Rossiyadagi vaziyatni muhokama qildi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi