AQSH va G‘arb yolg‘on tarqatib, Eron xalqini bo‘la olmaydi – Raisiy
Olam
−
28 dekabr 2022
4434Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy AQSH hamda G‘arb davlatlarini mish-mishlar va yolg‘on ma’lumotlar tarqatish orqali Eronda hukumatga qarshi namoyishlarni kuchaytirayotganlikda aybladi. U bu haqda Tehronda 1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushi faxriylari bilan uchrashuvda aytgan.
“Islom inqilobi dushmanlari yolg‘on tarqatish orqali o‘z maqsadlariga erisha olmaydi va Eron xalqini bo‘lib tashlolmaydi. Yoshlar bizning farzandlarimiz, aldanganlarning hammasi vatan bag‘riga olinadi, ammo sotqinlarga shafqat bo‘lmaydi”, deydi Raisiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sentyabr oyi o‘rtalarida Eronda boshlangan tartibsizliklarni uyushtirishda munofiqlar, monarxistlar va aksilinqilobchilar, ya’ni islomiy respublikaga qarshi chiqqanlarning barchasi ishtirok etgan.
Eron prokuraturasi 26 dekabr kuni Tehronda politsiya va xavfsizlik kuchlari tomonidan ilgari hibsga olingan namoyishchilarning 83 foizi rasmiylar tomonidan qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi. “Tasnim” agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, so‘nggi uch oy ichida tartibsizliklar ishiga mas’ul sudyalar qamoqxonalarga 2239 marta tashrif buyurgan va mahkumlar bilan shaxsiy suhbatlar o‘tkazgan.
Oktyabr va noyabr oylarida Eron hukumati Kurdiston viloyatining ma’muriy markazi Senandej hamda Siston va Balujiston viloyatining asosiy shahri Zohidonda bo‘lib o‘tgan namoyishlar ishtirokchilari uchun bir necha bor afv e’lon qilgan edi. Namoyishchilarning guruhlari arab qabilalari yashaydigan janubi-g‘arbiy Xuziston viloyatida va etnik ozarbayjonlar yashaydigan Ardabilda ozod qilindi.
AQSH 26 dekabr kuni Eronni barcha namoyishchilarni shartsiz ozod qilishga chaqirdi. Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Gap Eronda o‘z erkinliklarini tinch yo‘l bilan himoya qilgani uchun qamoqqa olingan barcha odamlar haqida ketayotganini aytdi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan. Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi