AQSH va Eronning Dohadagi muzokaralari yakunlandi
Olam
−
02 iyul 5136 2 daqiqa
Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi bilvosita muzokaralar yakunlandi. Tomonlar muzokaralarda uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishganini ma’lum qilmadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvlarda asosiy e’tibor Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovi va Eronning muzlatilgan mablag‘lari masalalariga qaratilgan. Muzokaralardan xabardor manbalarning aytishicha, ikki kun davom etgan uchrashuvlarda iyun oyida erishilgan vaqtinchalik kelishuvning muhim bandlari ham muhokama qilingan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, navbatdagi muzokaralar Eronning marhum oliy rahbari oyatulloh Ali Homanaiyning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan dafn marosimidan keyin tashkil etiladi. Vazirlik vakili Dohadagi muzokaralar iyun oyidagi kelishuv memorandumi bo‘yicha “ijobiy siljish” bergani va Shveysariyadagi sammit natijalariga asoslanganini bildirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa jurnalistlar bilan muloqotda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ham taraqqiyot kuzatilayotganini aytgan.
“Eronni yadrosizlantirish jarayoni yaxshi ketmoqda. Uchrashuvlar juda yaxshi o‘tdi, keyingi natijalarni ko‘ramiz”, degan Tramp.
Biroq muzokaralardan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, Dohadagi texnik uchrashuvlarda yadroviy dastur umuman muhokama qilinmagan. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mazkur masala keyingi bosqichda ko‘rib chiqilishini bildirgan.
“Albatta, biz yadroviy masaladan xavotirdamiz va bu mavzuda muzokaralarni boshlaymiz”, degan u.
Qatar Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, AQSH va Eron delegatsiyalari to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashmagan. Tomonlar Qatar va Pokiston vositachilari orqali alohida muzokaralar o‘tkazgan. Manbalarning ma’lum qilishicha, AQSH Prezidentining kuyovi Jared Kushner hamda maxsus vakil Stiv Uitkoff Dohaga kelgan bo‘lsa-da, texnik muzokaralarda ishtirok etmagan.
Eron delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy muzokaralar yakunlanganini tasdiqlagan. Biroq tomonlar kelishmovchiliklar bartaraf etilgani haqida ma’lumot bermagan.
Vaqtinchalik kelishuvga muvofiq, AQSH va Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro dengiz qatnovini qayta tiklashi kerak. Hozirda kemalar harakati qisman tiklangan bo‘lsa-da, strategik ahamiyatga ega suv yo‘lining huquqiy maqomi hali ham bahsli bo‘lib qolmoqda.
Ikki nafar yuqori lavozimli eronlik manbaning ma’lum qilishicha, Tehron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini xalqaro miqyosda tan olinishiga intilayotganini bildirgan. Shuningdek, Eron avgust o‘rtalaridan boshlab ushbu bo‘g‘oz orqali harakatlanuvchi kemalardan to‘lov undirish niyatida ekanini yana bir bor ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasi ham Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlarida qatnashishi xabar qilingan edi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28