AQSH Eronning mudofaa tizimlariga zarbalar berdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
09:43 1690 3 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasida bir necha haftalik tanaffusdan so‘ng harbiy harakatlar yana boshlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, kecha, 1 sentyabr kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining havo mudofaasi ob’ektlari, radar tizimlari, dengiz vositalari, minalar joylashtirish imkoniyatlari hamda aloqa ob’ektlariga zarbalar berilgan.
Qayd etilishicha, AQSH zarbalari Eronning Ahvoz shahri yaqinidagi hududlar hamda mamlakat janubi-sharqidagi Jiroft fuqarolik aeroporti yaqiniga ham berilgan. Shuningdek, Chobahor, Bandar-Abbos, Asaluye va Qeshm orolida portlashlar sodir bo‘lgani haqida Eron OAVlari xabar qilgan.
Eron esa bunga javoban Iordaniya va Iroqdagi AQSH harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar bilan hujum qilganini bildirgan. Eron OAVlari Bahrayndagi AQSH harbiy bazasi ham nishonga olinganini xabar qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Iordaniya havo mudofaasi mamlakat hududiga kirgan 13 ta ballistik raketadan 10 tasini urib tushirgan, qolgan 3 tasi esa aholi yashamaydigan hududlarga qulagan. Bahrayn ham Eron dronlari tutib qolinib, yo‘q qilinganini bildirgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Iordaniyadagi hujum oqibatida ko‘plab AQSH harbiylari halok bo‘lganini da’vo qilgan. Biroq AQSHning ikki rasmiysi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida amerikalik harbiylar orasida qurbonlar bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Eron Qizil Yarim oy jamiyati Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Sirik hududida to‘y marosimi vaqtida AQSH zarbasi berilishi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani va 50 nafari yaralanganini bildirgan. IRNA agentligi esa yaradorlar soni 68 kishiga yetganini, halok bo‘lganlar orasida 4 yoshli bola ham borligini xabar qilgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning hujumlari Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni yanada keskinlashtirishini bildirgan. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof esa agar AQSH Eronning Fors ko‘rfazidan neft eksport qilishiga to‘sqinlik qilsa, “hech kim neft eksport qila olmaydi”, degan.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi navbatdagi hujumlar bundan-da kuchliroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
“Ammo bu barcha hujumlarning eng kattasi bo‘lmaydi. Eng katta hujum hali kutib turibdi va u yakunlanganida Eron Islom Respublikasidan juda kam narsa qoladi”, deb yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Qayd etilishicha, AQSHning navbatdagi zarbalari ortidan jahon bozorida neft narxi ham oshgan. Bugun, 2 sentyabr kuni neft narxi bir barrel uchun 4 dollardan ko‘proqqa ko‘tarilib, so‘nggi besh haftadagi eng yuqori darajaga yetgan.
Nashrga ko‘ra, AQSH va Eron o‘rtasidagi olti oy davom etayotgan mojaro so‘nggi haftalarda nisbatan tinch holatga o‘tgan edi. Biroq tomonlar o‘rtasidagi harbiy harakatlar iyul oyidan beri ilk bor yana kuchaydi. AQSH va Eron iyun oyida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan, biroq kelishuv ko‘p o‘tmay barbod bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiylari Iordaniyadagi AQSHning ikki harbiy bazasiga hujum qilgan edi. Hujumlar oqibatida bazalardagi ayrim harbiy texnikalarga, jumladan, vertolyotlarga zarar yetgan va bir nechta dron yo‘q qilingan.
Live
Barchasi