AQSH va Eron memorandum imzoladi (video)

Olam

image

AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini ochishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini elektron shaklda imzoladi. Bu haqda Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Baqoiyga tayanib, “Press TV” xabar berdi.

Uning aytishicha, tomonlar hujjatni elektron tarzda imzolashga kelishib olgan va avval rejalashtirilgan Jenevadagi rasmiy marosimga ehtiyoj qolmagan. Baqoiyning ma’lum qilishicha, memorandumni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon imzolagan.

“Matn ikki mamlakatning eng yuqori mansabdor shaxslari tomonidan imzolanganda, uni buzish tabiiyki ancha jiddiy oqibatlarga olib keladi. Ilgarigi tajribamizni hisobga olgan holda, aynan shunday bo‘lishini ma’qul ko‘rdik”, degan Baqoiy.

“Axios” nashri manbalariga ko‘ra, hujjat kuchga kirgan. Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, kelishuv Hormuz bo‘g‘ozini imkon qadar tezroq ochish maqsadida jadallashtirilgan.

Manbalarning qayd etishicha, Vashington va Tehron vakillarining Shveysariyadagi uchrashuvi bekor qilinmagan. Unda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens hamda Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlash masalasini muhokama qiladi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tramp hujjatni G7 sammiti doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan kechki ovqat paytida imzolagan. Shuningdek, hujjatga Jey Di Vens va Muhammad Boqir G‘olibof ham imzo chekkan. Manbalar Pezeshkiyonning imzosi haqida aniq ma’lumot bermagan. Ularga ko‘ra, memorandum ikki marta imzolangan.

Qayd etish joiz, 15 iyun kuni Pokiston vositachiligida AQSH va Eron tinchlik kelishuviga erishganini e’lon qilgan. Shu kuni Tramp Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar, jumladan neft tashuvchi tankerlar harakati qayta boshlanganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp G7 sammitida Isroilni keskin tanqid qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Hormuz bo'g'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing