AQSH va Britaniya Nigerdagi elchixona xodimlarini evakuatsiya qildi
Olam
−
03 avgust 2023
2790AQSH va Buyuk Britaniya Nigerdagi elchixona xodimlarining bir qismini evakuatsiya qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti va Britaniya hukumati saytida ma’lum qilindi.
“Nigerdagi hozirgi voqealarni inobatga olgan holda, Davlat departamenti ehtiyot chorasi sifatida AQSH hukumatining favqulodda bo‘lmagan xodimlariga Niger poytaxti Niameydagi AQSH elchixonasini vaqtincha tark etishni buyurmoqda”, deyiladi departament bayonotida.
Bildirilishicha, AQSH elchixonasi faqat cheklangan favqulodda xizmatlar uchun ochiq.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning Nigerdagi elchixonasidan ham diplomatlar evakuatsiya qilingan.
“Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli Britaniyaning Niameydagi elchixonasi xodimlari sonini vaqtincha qisqartirmoqda”, deyiladi hukumat bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna Nigerdagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq vaziyatdan Rossiya ham, mintaqa davlatlari ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini aytib chiqqandi. Shuningdek, Nigerda minglab namoyishchilar Fransiya elchixonasiga hujum qilgandi.
Bunga javoban Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij o‘z fuqarolari va xorijdagi muassasalarga qarshi hujumlarga toqat qilmasligini aytib, agar bunday hodisalar yuzaga kelsa, keskin javob berishga va’da bergan. Hozirda mamlakat fuqarolarini Nigerdan evakuatsiya qilish yakunlandi.
Ma’lumot uchun, Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.
Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.
Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan.
Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
LiveBarchasi