AQSH O‘zbekistonni qo‘llashga tayyorligi aytildi
Olam
−
22 Sentabr 2022
36332BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston-Amerika strategik sherikligi ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining barcha jabhalarida sezilarli darajada jadallashgan. O‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan faol siyosiy muloqot olib borilmoqda.
Nuland Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Rasmiy Vashingtonning O‘zbekiston bilan aloqalarni ikki tomonlama darajada va "C5+1"formatida mustahkamlashga tayyorligi ma’lum qilingan.
AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari va amaliy qadamlarini olqishlagan.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Afg‘onistonda barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish, qo‘shni davlatga keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatish, infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berilgan.
Shuningdek, turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvali, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashilgan.
LiveBarchasi