AQSH O‘zbekistonga tarixiy deportatsiya uchun minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
01 may 23734 2 daqiqa
Kecha, 30 aprel kuni AQSH Ichki xavfsizlik departamenti O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy maqomdagi o‘zbekistonliklarning deportatsiyasini amalga oshirdi. AQSH mazkur amaliyotni tarixiy deb atab, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda departament tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, AQSH Ichki xavfsizlik departamenti O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan bo‘lgan 100 dan ortiq noqonuniy muhojirni deportatsiya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyotni amalga oshirgan. Mazkur operatsiyada O‘zbekiston o‘z fuqarolarining vatanga qaytarilishi uchun to‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplagani ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur xavfsizlik hamkorligining dalili sifatida ko‘rilmoqda.
“Biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z fuqarolarini ortga qaytarish uchun samolyot yuborganiga yuqori baho beramiz. Kelgusida ham xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida hamkorligimizni davom ettirishga tayyormiz”, dedi Ichki xavfsizlik departamenti rahbari Kristi Noem.
Bayonotga ko‘ra, ushbu amaliyot AQSH Prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati tomonidan xorijiy davlatlar bilan tuzilgan bir qator muvaffaqiyatli bitimlar qatoriga kiradi. Xususan, Kolumbiya AQSHdan chiqarib yuborilgan migrantlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan, Salvador bilan jinoyatchilar va to‘dalar a’zolarini hibsga olishda yaqin hamkorlik o‘rnatilgan, Meksika esa narkokartellarga qarshi kurashda ittifoqchiga aylangan va mamlakat tarixidagi eng ko‘p – 6 mingdan ortiq giyohvand sotuvchilar hibsga olingan.
“Bu choralar Tramp ma’muriyatining kuchli diplomatik siyosati va immigratsiya tizimini tiklash yo‘lidagi strategiyasini namoyon etadi. Noqonuniy muhojirlar o‘z vatanlariga qaytarilishi kerak”, deyiladi xabarda.
“Fox News Digital” xabariga ko‘ra, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga yetib kelgach, darhol o‘z mamlakatlariga qaytgan. Bu AQSH Prezidenti Donald Tramp lavozimga qaytganidan beri xorijiy davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilk deportatsiya reysi bo‘lgan.
“O‘zbekiston o‘z fuqarolarining deportatsiya xarajatlarini to‘liq o‘z zimmasiga oldi. Ichki xavfsizlik departamenti bu bitimni AQSHning boshqa davlatlar bilan muhojirlar masalasida qanday hamkorlik qilishini ko‘rsatuvchi namunaviy model, deb atadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali vatanga qaytarilishi xabar qilingandi. Mazkur amaliyot doirasida Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etilishi belgilangandi.