AQSH Ukrainani moliyalashtirishni to‘xtatmoqchi
Olam
−
11 avgust 5465 2 daqiqa
AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Qo‘shma Shtatlar Ukrainani moliyalashtirishni to‘xtatishini aytdi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Vens Tramp bilan uchrashuvdan oldin Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi bevosita muloqot deyarli samara bermasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, aynan AQSH Prezidenti ikki davlat rahbarlarini bir stol atrofida to‘plab, kelishmovchiliklarni hal etishga qodir.
“Biz, albatta, ukrainaliklar bilan gaplashamiz. Muloqot eshigini ochiq qoldiramiz. Ammo asosiy tamoyil shuki, Prezident Tramp Putin va Zelenskiyni muzokara stoliga o‘tqazib, ularning o‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilishga majbur qilishi kerak”, degan AQSH vitse-prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlarning ikkalasi ham muzokaralar olib borish va murosaga borishdan “xursand bo‘lmasligi” mumkin. Shunga qaramay, AQSH bu shartlarni har ikki mamlakat uchun maqbul qilishga intilmoqda.
“Biz, albatta, yuz bergan bosqinni qoralaymiz. Vaziyatning shunday tus olganidan xursand emasmiz. Lekin tinchlikka erishish kerak. Tinchlikka erishishning yagona yo‘li bu muzokara stoliga o‘tirib, gaplashishdir”, degan Vens.
AQSH vakili, shuningdek, Putin avval Zelenskiy bilan bir stolga o‘tirishni istamasligini, ammo Tramp bu pozitsiyani o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lganini aytgan.
Vensga ko‘ra, Vashington hozir AQSH, Rossiya va Ukraina Prezidentlari uchrashuvi uchun “uch tomonlama sammit”ning jadvali va boshqa tafsilotlarini ishlab chiqmoqda, shunda uch yetakchi mojaroni tugatish masalasini muhokama qila oladi.
Qolaversa, vitse-prezident AQSHning Ukrainani moliyalashtirishni to‘xtatishini qo‘shimcha qilgan.
“Biz Ukrainadagi urushni moliyalashtirishni tugatyapmiz. Bu masalani tinch yo‘l bilan hal qilishni istaymiz. Urush Yevropaning orqa hovlisida bo‘layotgani uchun bu yerda amerikaliklarga qaraganda yevropaliklar kattaroq rol o‘ynashi lozim, chunki amerikaliklar o‘z pullarini bu mojaro uchun uzluksiz yuborishdan charchadi”, degan Amerikalik rasmiy.
Vens Trampning Xitoyga qarshi yangi savdo bojlari joriy etish masalasini ham o‘ylayotganini, biroq “bu borada aniq qaror qabul qilinmaganini” aytgan.
Ma’lumot uchun, Tramp Vladimir Putin bilan joriy yilning 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy “biror narsani imzolashi” kerakligi va unga tayyor turishi shartligini aytgandi.
Live
Barchasi