AQSH Ukrainaga yana “muruvvat” ko‘rsatdi
Olam
−
20 iyul 2023
5751Amerika Qo‘shma Shtatlari kecha, 19 iyul kuni Ukraina uchun yana 1,3 milliard dollarlik harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi bayonotida aytib o‘tilgan.
Ma’lum qilinishicha, yordam paketining tarkibidan to‘rtta NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimi va uning uchun o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari, minalardan tozalash uskunalari va dronlar o‘rin olgan.
“Ushbu e’lon Ukrainaga qo‘shimcha ustuvor imkoniyatlarni taqdim etish bo‘yicha shartnomalar tuzish jarayonining boshlanishini anglatadi”, deydi Pentagon vakili.
AQSH buning uchun Bayden ma’muriyatining qurol-yarog‘larni mamlakat ichki zaxirasidan olish o‘rniga ishlab chiqaruvchilardan sotib olishga imkon beruvchi Ukraina xavfsizligini ta’minlash tashabbusi (USAI) dasturidan foydalanadi.
Pentagon mazkur yordam paketini Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining yig‘ilishidan bir kun o‘tib e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, kutilayotgan yordam paketi 2023 yildagi sakkizinchisi bo‘ladi. Pentagon Ukrainaga ayni paytgacha USAI dasturi doirasida 10,8 milliard dollarlik yordam ajratgan. Ukraina urushi boshlanganidan beri esa AQSH tomonidan xavfsizlik va harbiy yordam uchun jami 40 milliard dollardan ortiq mablag‘ berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi boshida AQSH tomonidan Ukraina uchun 800 million dollarlik harbiy yordam e’lon qilingandi. Yordam paketi bo‘yicha mamlakatga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berildi.
LiveBarchasi