AQSH Ukrainaga Tramp davridagi ilk harbiy yordamni ma’qulladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati NATO ittifoqchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi moliyalashtirish mexanizmi doirasida Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishni ma’qulladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, yordamning umumiy qiymati 500 million dollarni tashkil etadi va u yaqin kunlarda yuborilishi mumkin.

Qaror AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbridj Kolbi tomonidan Priority Ukraine Requirements List (PURL) tashabbusi asosida tasdiqlandi. Ushbu mexanizm Ukrainaga qurol-yarog‘ bo‘yicha ehtiyojlar ro‘yxatini shakllantirish va uni NATO ittifoqchilariga taqdim etish imkonini beradi. Keyin davlatlar maxsus hisobga mablag‘ o‘tkazib, qurol-aslahani to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSHdan sotib oladi.

Bu Trampning Oq uyga qaytganidan keyingi Ukraina uchun ajratgan birinchi harbiy yordam paketi hisoblanadi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessantning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Yevropaga Kiyevga yuboriladigan qurollarni 10 foiz ustama narx bilan sotmoqda. Ta’kidlanishicha, bu mablag‘lar Ukrainaga kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari doirasida havo mudofaasini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yevropa davlatlaridan har oy 1 milliard dollar miqdorda badal kutilayotganini aytgan. Prezidentning aytishicha, qarshilikni davom ettirish uchun mablag‘lar Ukrainaga “suv va havo”dek zarur. 

Prezidentga ko‘ra, shu kunga qadar PURL orqali 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingan. Dasturda Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Germaniya, Belgiya va boshqa NATO davlatlari ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vaziri Denis Shmigal Ukrainadagi mojaro davom etsa, Kiyevga 2026 yilda harbiy xarajatlarga kamida 120 mlrd dollar kerak bo‘lishi haqida aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush tugagan taqdirda ham, mamlakatga bundan unchalik kam bo‘lmagan mablag‘ zarur bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Donal'd Tramp Ukraina PURL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing