Ukrainaga 2026 yilda 120 mlrd dollar kerak – Shmigal
Olam
−
15 Sentabr 2663 2 daqiqa
Ukrainadagi mojaro davom etsa, Kiyevga 2026 yilda harbiy xarajatlarga kamida 120 mlrd dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda joriy yilning 13 sentyabr kuni Qrimda o‘tkazilgan Yalta Yevropa strategiyasi konferensiyasida so‘zga chiqqan Ukraina Mudofaa vaziri Denis Shmigal ma’lum qilidi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush tugagan taqdirda ham, mamlakatga bundan unchalik kam bo‘lmagan mablag‘ zarur bo‘ladi.
“Agar urush to‘xtasa ham, bizga shunchaki zaxiralarimizni to‘ldirish uchun juda katta summa kerak bo‘ladi. Armiya holatini kerakli darajada ushlab turish uchun bu zarur”, degan Mudofaa vaziri.
U, shuningdek, Ukraina yetarli darajada harbiy texnika ishlab chiqara olmayotganini qayd etgan.
“Bizga yetarli dronlar kerak, ularni ishlab chiqarish uchun mablag‘ kerak. Biz hech qanday noodatiy narsani so‘ramayapmiz”, degan Shmigal.
Vazirning fikricha, Ukraina g‘arbiy hamkorlardan texnika va qurol-yarog‘, shuningdek, Rossiyaga qarshi kuchli ikkilamchi sanksiyalarni so‘ramoqda.
Ma’lumki, Ukrainaga anchadan buyon yordam ajratiladi. 9 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Kiyevga qariyb 169 mlrd yevro yordam ko‘rsatgani, shundan 63 mlrd yevrodan ko‘prog‘i harbiy yordamga ajratilgani haqida aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida YeI mamlakatlari 25 mlrd yevro ajratgan va rejalashtirilgan 2 mln o‘q-dorining 80 foizini yetkazib bergan. To‘liq hajmga oktyabr oyiga qadar erishilishi rejalashtirilmoqda. YeI, shuningdek, taxminan 80 ming nafar ukrainalik harbiyni tayyorladi va Ukrainada hamkorlikda texnika ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urainaga qaratilgan harbiy harakatlar fonida YeI Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalarni olti oyga – 2026 yil 15 martgacha rasman uzaytirgandi. Cheklov choralari jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqi hududlariga kirishi yoki tranzit o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan sayohatlarni taqiqlashni, aktivlarini muzlatishni va ro‘yxatga olingan jismoniy va yuridik shaxslarga mablag‘lar yoki boshqa iqtisodiy resurslarni taqdim etishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Live
Barchasi