YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ma’lum muddatgacha uzaytirdi
Olam
−
14 Sentabr 2025 2561 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalarni yana olti oyga – 2026 yil 15 martgacha rasman uzaytirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mavjud cheklov choralari jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqi hududlariga kirishi yoki tranzit o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan sayohatlarni taqiqlashni, aktivlarini muzlatishni va ro‘yxatga olingan jismoniy va yuridik shaxslarga mablag‘lar yoki boshqa iqtisodiy resurslarni taqdim etishni taqiqlashni nazarda tutadi. Sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushiga javoban nishonga olingan 2500 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilishida davom etadi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barroning so‘zlariga ko‘ra, yangi cheklovlar to‘plami 15 sentyabrda e’lon qilinishi rejalashtirilgan. U Rossiya va uning rahbari Vladimir Putinga bosimni kuchaytirish maqsadida qilinmoqda. Barroning ta’kidlashicha, sanksiyalarning mazmuni bevosita AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan kelishilishi lozim.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi shaxsiy sanksiyalarni uzaytirish doirasida bir shaxsga nisbatan cheklovlarni olib tashladi, uning nomi YeIning rasmiy jurnalida qaror e’lon qilinganidan keyin ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar NATO davlatlari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatsa, Rossiyaga qarshi “jiddiy sanksiyalar” qo‘yishga tayyorligini aytgandi. Amerika Prezidenti Shimoliy Atlantika alyansi ayrim a’zolarining Rossiya neftini sotib olishini “hayratlanarli” deb atadi va bu NATOning muzokaralardagi pozitsiyasi va alyansning Moskvaga ta’sirini zaiflashtirishini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, AQSH Savdo vazirligi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga Rossiya bilan aloqalari uchun 32 ta xorijiy kompaniyani kiritgandi.
Live
Barchasi