AQSH Ukrainaga Qrimni Rossiyaniki deb tan olishni taklif qilmoqda – WSJ
Olam
−
21 aprel 5972 2 daqiqa
AQSH Kiyevga Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha takliflarni topshirdi. Ular qatorida Moskvaga imtiyozlar berish, jumladan Qrimni Rossiyaniki deb tan olish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish ehtimolini istisno qilish ham bor. Bu haqda kecha, 20 aprel kuni manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Nashrning aniqlik kiritishicha, takliflar Oq uyning yuqori martabali amaldorlari 17 aprel kuni Parijda Ukraina va Yevropa rasmiylariga taqdim etgan hujjatda bayon etilgan. Vashington hafta oxirida Londonda Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari bilan uchrashuvda Kiyevning javobini kutmoqda. Keyinchalik tomonlarning pozitsiyalari mos kelsa, takliflar Moskvaga berilishi mumkin.
Shu bilan birga, WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Rossiyaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donbass, Zaporoje va Xerson viloyatlari ustidan nazoratini tan olmaydi, garchi u yerdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilmasa ham.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yozda Ukrainaning bosib olingan to‘rtta viloyatining xalqaro miqyosda Rossiyaniki deb tan olinishi va u yerdan Ukraina qo‘shinlarining to‘liq olib chiqilishi tinchlik jarayonini boshlash shartlaridan biri ekanini aytgan edi. Kiyev bu talablarni ultimatum deb atadi. Rossiya ham, Ukraina ham hududiy imtiyozlar berish imkoniyatini rad etadi.
Oq uyning yana bir taklifi, G‘arb rasmiylariga ko‘ra, Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi hududlarga neytral maqom berish va ularni AQSH nazorati ostiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Gazetaning manbalariga ko‘ra, AQSH Ukraina armiyasi sonini cheklashni taklif qilmayapti va G‘arbning Kiyevga harbiy yordami va Yevropa qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirishni istisno etmayapti. Biroq bu Moskva uchun “asosiy to‘siq”.
AQSH Davlat departamentining yuqori martabali mulozimining WSJ’ga aytishicha, AQSH Ukrainaga o‘z takliflarini yetkazar ekan, “oling yoki qoldiring” tamoyili bo‘yicha harakat qilmagan, balki Kiyev ularni ko‘rib chiqishini istaydi.
“Muhokama va fikr-mulohazalar uchun potensial variantlar ro‘yxati taqdim etildi”, deya tushuntirdi rasmiy.
AQSH birinchi marta Rossiyaning Qrim ustidan nazoratini kengaytirilgan tinchlik kelishuvining bir qismi sifatida tan olishni ko‘rib chiqmoqda. WSJ’ning qayd etishicha, bunday harakat Vashingtonning to‘qqiz yildan ortiq davom etib kelayotgan siyosatiga zid keladi.
2014 yilda Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi, 2018 yilda esa o‘sha paytdagi davlat kotibi, Trampning birinchi ma’muriyatida ishlagan Mayk Pompeo Moskvaning harakatlarini “demokratiyalar o‘rtasida umumiy bo‘lgan fundamental xalqaro tamoyil: hech bir davlat boshqasining chegaralarini kuch bilan o‘zgartira olmasligi” uchun tahdid deb atagan edi. Shu bilan birga, AQSH Kongressi Qrim yarimorolini Rossiyaniki deb tan olishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.
Live
Barchasi