AQSH Ukrainaga 275 mln dollarlik harbiy yordam yuboradi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 275 million dollar (taxminan 260 million yevro) miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini yuboradi. Bu haqda kecha,19 noyabr kuni o‘z ismi sir qolishni istagan amerikalik rasmiylarga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.

Paket tarkibiga oid tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan. O‘z navbatida, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga 100 million dollarlik noaniq mudofaa uskunalari va xizmatlarini sotishga ruxsat bergan. Ular avtomobillarni kapital ta’mirlash, texnik qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish va boshqa tegishli logistika xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, Vashington va Kiyev Ukrainaga 20 milliard dollarlik kredit berish shartlari bo‘yicha muzokaralarning “ilg‘or bosqichida” bo‘lib, uning qaytarilishi Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinidan so‘ng muzlatib qo‘yilgan Rossiya Markaziy banki aktivlari hisobidan amalga oshiriladi. Nashrga ko‘ra, AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati jarayonni yil oxirigacha yakunlashni maqsad qilgan.

Bir necha kun avval qator Amerika OAVlari Oq uy Kiyevga Vashingtondan olingan uzoq masofali qurollar bilan Rossiya hududiga chuqur zarba berish taqiqini bekor qilgani haqida xabar tarqatgan edi. “The New York Times”ga ko‘ra, gap ATACMS taktik ballistik raketalari haqida bo‘lgan. Kecha, Ukraina Mudofaa kuchlari birinchi marta ATACMS ballistik raketalari bilan Rossiya hududiga hujum qildi va u nishonga muvaffaqiyatli urildi.

Vashington Kiyev tomonidan Rossiya qo‘shinlarining Xarkovga qilgan hujumidan so‘ng Amerika qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatdi. Keyin Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga HIMARS raketa tizimlaridan Rossiya kuchlariga chegara yaqinida zarba berishga ruxsat berdi.

Ikki oy ichida Donald Tramp Oq uyda Bayden bilan prezidentlik kursisini almashadi. Respublikachi AQSHdan Kiyevga ko‘rsatilayotgan moliyaviy va harbiy yordam ko‘lamini bir necha bor tanqid qilgan va Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan, biroq qanday qilib tushuntirmagan. Tramp, xususan, Ukraina xalqaro tan olingan hududining bir qismidan voz kechishi va shu orqali janglarni tugatishga yordam berishi kerakligini ochiq aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx AQSH Jo Bayden ketishidan oldin qolgan 7,1 milliard dollarlik yordamni ta’minlash uchun Ukrainaga har hafta qurol yuborishi ma’lum qilgandi. Singxning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettirish “Prezident bergan va’dadir”.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina harbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing