Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

AQSH Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishni ko‘rib chiqmoqda

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uydagi Oval kabinetda bildirgan bayonotlariga javoban, Ukrainaga barcha harbiy yordam yetkazib berishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakiliga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, qaror milliardlab dollarlik ta’minotga, jumladan, radarlar, zirhli texnikalar, o‘q-dorilar va raketalarga ta’sir qilishi mumkin.

CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyning Oq uyga tashrifi 10 daqiqalik bahs-munozaraga aylanganidan keyin Ukraina rasmiylari tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvni qayta tiklashga harakat qilgan. Biroq ularga muloqotni davom ettirish foydasiz ekani aytilgan.

CBS manbalariga ko‘ra, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Zelenskiydan Oq uyni tark etishini so‘rashdan oldin unga katta xatoga yo‘l qo‘yganini va bu bilan ham Ukraina, ham AQSHga zarar yetkazganini bildirgan.

Zelenskiy Oq uydan chiqqanidan so‘ng Yevropa mamlakatlari rasmiylari Vashingtonga qo‘ng‘iroq qilib, qanday qilib kelishuvni saqlab qolish mumkinligini so‘ragan. Biroq Tramp Zelenskiy bilan gaplashishni istamagan va uning administratsiyasida ham endi harbiy harakatlarni tugatishda qanday yordam berish mumkinligi borasida ishonchsizlik paydo bo‘lgan.

“Zelenskiy jang qilish, jang qilish va yana jang qilishni istaydi, lekin u Amerika yordamisiz g‘alaba qozona olmaydi. Zelenskiy hozir AQSH bilan qayta muloqot qilishni istayapti, biroq men hozir bunga ulgurmayman”, degan Tramp, vertolyotga chiqib, Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohiga yo‘l olarkan.

“Axios” nashri manbalarining ta’kidlashicha, Tramp administratsiyasi yuzaga kelgan vaziyatda butunlay Zelenskiyni ayblamoqda.

“U shunchaki vitse-prezident (J.D. Vens) bayonotlarini qabul qilib, oldinga harakat qilishi mumkin edi, ammo buni o‘ziga ep ko‘rmadi”, degan Oq uy rasmiysi.

“Axios”ga ko‘ra, Trampni jahlini chiqargan yana bir kichik, ammo muhim omil Zelenskiyning kostyum kiymagani bo‘lgan. Manbalarning aytishicha, Tramp maslahatchilari bir necha bor Zelenskiyning jamoasiga Oq uy tashrifi chog‘ida harbiy uslubdan voz kechish yanada hurmatliroq bo‘lishini tushuntirgan.

Zelenskiy yaqin oradagi jamoatchilik oldidagi tadbirlarini bekor qilgan. “Fox News”ga bergan intervyusida u hech qanday xato qilmaganiga ishonishini bildirgan.

“Bizdan ham ko‘ra ko‘proq urushning tugashini xohlaydigan hech kim yo‘q. Men shunchaki Putinni to‘xtatish uchun bir tomonda bo‘lishimiz kerakligini aytdim”, degan u.

Ukraina Prezidenti bilan uchrashuvdan avval muloqot qilgan senator Lindsi Grem esa Zelenskiyga “qarmoqni yutib yubormaslik” va “ijobiy fikr bildirish” bo‘yicha maslahat berganini aytgan.

“Endi biz Zelenskiy bilan yana ish olib bora olamizmi yoki yo‘q, bilmayman”, degan Grem uchrashuv yakunidan so‘ng.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 fevral kuni Vladimir Zelenskiy Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Oq uyga borgan edi. Tomonlar foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolashi kutilgan edi. Biroq tomonlar o‘rtasidagi keskinlikdan so‘ng bu kelishuv barbod bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Vladimir Zelenskiy harbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing