AQSH Ukraina va Rossiya orasidagi dallollikdan voz kechishi mumkin
Olam
−
18 aprel
6381Agar yaqin kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimiga erishishda siljish bo‘lmasa, AQSH vositachilik sa’y-harakatlarini to‘xtatadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bugun, 18 aprel kuni Parijda Ukraina va Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
Uning aytishicha, agar kelishuv ehtimoli yaqqol ko‘rinmasa, Vashington vositachilikdan voz kechadi. Rubio, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp hali ham tinchlik bitimini imzolashga qiziqish bildirayotganini, ammo boshqa global ustuvor yo‘nalishlari ko‘pligini ta’kidlagan. Agar progress bo‘lmasa, AQSH bu masalani ortga surishga tayyor.
“Agar tinchlik imkoniyati bo‘lsa, biz boramiz. Bo‘lmasa, boshqa ustuvor yo‘nalishlarimiz bor”, deydi Marko Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida AQSH Ukraina tarafida bo‘lgan, hozir esa mojaroning tugashini istaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH taklifiga shu hafta oxirigacha javob berish talabini qo‘ygan edi. “Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, agar Putin aprel oxirigacha sulhga rozi bo‘lmasa, AQSH yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor. “Fox News” esa Trampning Putindan noroziligi oshganini yozmoqda. U Rossiya tomonini muzokaralarni ataylab cho‘zayotganlikda ayblamoqda. Nashrga ko‘ra, Oq uy Rossiyaning “soya floti”ga qarshi qattiq cheklovlarni joriy qilishni ko‘rib chiqmoqda. Tramp bundan oldin Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarga 500 foiz boj solishi mumkinligini ham aytgan.
LiveBarchasi