AQSH Ukraina uchun qurollarni NATOga sotmoqchi
Olam
−
11 iyul 2025 2824 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari NATOga qurol sotadi, keyin esa alyans uni Ukrainaga yetkazib beradi. Bu haqda kecha, 10 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Telekanal Prezident bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq yozuvini e’lon qilmagan, biroq uning bir qator iqtiboslarini e’lon qilgan.
“Biz NATOga qurol jo‘natamiz va NATO bu qurollar uchun 100% to‘laydi. Shunday qilib, biz yuborgan qurollar NATOga ketadi, keyin esa NATO bu qurollarni Ukrainaga yetkazib beradi, NATO esa bu qurollar uchun to‘laydi”, degan Tramp.
NBC telekanali xabariga ko‘ra, Tramp buni AQSH, NATO va Ukraina o‘rtasida Amerika qurollarini yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuv deb atadi. Uning aytishicha, bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitida kelishuvga erishilgan.
“Biz NATOni qurol bilan ta’minlayapmiz va NATO bu qurollarning to‘liq narxini to‘laydi. Biz Patriot tizimlarini NATOga yuborishni rejalashtirmoqdamiz, keyin esa NATO ularni tarqatadi. Rossiyadan hafsalam pir bo‘ldi, ammo keyingi bir necha hafta ichida nima bo‘lishini ko‘ramiz”, deb takrorladi Tramp.
U 14 iyul kuni “Rossiya bo‘yicha asosiy bayonot” bilan chiqishga va’da berdi.
NATO yoki alyans vakillari Donald Trampning yangi kelishuv haqidagi so‘zlariga hozircha izoh bermadi. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte kecha, 10 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp bilan gaplashgani va “rahbarlarni Ukraina ko‘proq o‘q-dorilar va havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega bo‘lishi uchun oldinga borishga chaqirganini” yozdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers ham kecha, 10 iyul kuni Berlin AQSHdan Patriot tizimlarini sotib olishga va ularni Ukrainaga berishga tayyorligini aytdi. Mers, shuningdek, bu haqda Tramp bilan allaqachon gaplashganini ta’kidladi.