AQSH Turkmanistonni odam savdosiga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi
Olam
−
25 iyun
7458AQSH Davlat departamenti Turkmanistonni Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya va Suriya bilan bir qatorda hukumati odam savdosini moliyalashtirgan 13 davlat ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken tomonidan kecha, 24 iyun kuni e’lon qilingan 2024 yilgi Odam savdosi bo‘yicha yillik hisobotda so‘z boradi.
Davlat kotibi Blinken hisobot taqdimotida odam savdosida raqamli vositalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.
“Raqamli vositalar odam savdosining qamrovi, ko‘lami va tezligini oshirdi. Odam savdosi bilan shug‘ullanadiganlar onlayn platformalardan foydalanadi. Ular aniqlanmaslik uchun shifrlangan xabarlar va raqamli valyutalardan ishlatadi”, deydi Blinken.
Davlat kotibining ta’kidlashicha, onlayn vositalardan foydalanish odam savdosi bilan shug‘ullanadiganlarga o‘z imkoniyatlarini kengaytirish imkonini bergan.
“Odam savdosi – bu hech bir davlatning yakka o‘zi hal qila olmaydigan muammo”, deydi Davlat kotibi.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda dunyo bo‘ylab 27,6 million kishi majburiy mehnatga jalb qilingan, bu 2016 yilga nisbatan 2,7 million kishiga ko‘p. Ushbu 27,6 milliondan 6,3 millioni tijorat maqsadida jinsiy ekspluatatsiyaga uchragan, 3,9 millioni esa davlat tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingan.
“Afsuski, ba’zi hukumatlar muammoning bir qismi”, deydi Maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Sindi Dayer.
Hisobotda qayd etilishicha, Davlat departamenti ma’murlari odam savdosini rag‘batlantiradigan yoki moliyalashtiradigan 13 davlatni aniqladi. Bunga hukumat dasturlarida odam savdosi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy mehnat, hukumat lagerlarida jinsiy qullik yoki bolalardan askar sifatida foydalanish yoki yollash kiradi.
2024 yilda qoidabuzar davlatlar ro‘yxatiga Afg‘oniston, Belarus, Birma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya va Turkmaniston kiritilgan.
“Dunyo bo‘ylab migratsiya inqirozi kuchaygan sari odam savdosi ham kuchayishi mumkin. Biz hukumatlarni odam savdosining oldini olishga chaqiramiz”, deydi Dayer.
LiveBarchasi