AQSH Tojikiston va Turkmanistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” qatoriga kiritdi
Olam
−
18 noyabr 2021
8808Tojikiston va Turkmanistonda “diniy erkinliklarning tizimli va qo‘pol ravishda buzilishi” sodir bo‘lmoqda. Bu haqda AQSH Davlat kotibining an’anaviy e’lon qilib kelinadigan hisobotida aytilgan.
Davlat departamenti tomonidan tuzilgan hisobotga Amerika qonunchiligiga ko‘ra, diniy erkinlikni buzayotgan “hukumatlar va nodavlat sub’ektlar” kiritiladi.
Davlat kotibi Blinken o‘zining hisobotida Rossiya, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston va Eritreyani “alohida xavotirga molik davlatlar” qatoriga kiritgan.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, ularning hokimiyat organlari “diniy erkinlikni tizimli, doimiy va qo‘pol ravishda buzish”ga yo‘l qo‘ymoqda. U, shuningdek Jazoir, Komor orollari ittifoqi, Kuba va Nikaraguani hukumatlari “diniy erkinlikni jiddiy buzayotgan” davlatlar ro‘yxatiga kiritgan.
“Bugungi zamonaviy dunyoda diniy erkinlik bilan bog‘liq muammolar tizimli va chuqur ildiz otgan. Ular har bir mamlakatda mavjud. Ular nafrat, murosasizlik va ta’qiblarga chidashni istamaydigan barchaning doimiy global ishtirokini talab qiladi, xalqaro hamjamiyatning shoshilinch e’tiborini talab qiladi. Biz barcha hukumatlarga ularning qonunlari va amaliyotlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish va huquqbuzarliklar uchun javobgarlarni javobgarlikka tortishga yordam berish uchun bosim o‘tkazishda davom etamiz”, degan Blinken.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning dekabrida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat “alohida xavotirga molik” mamlakatlar ro‘yxatidan, shuningdek, oradan yana ikki yil o‘tib, “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgan edi.
Keyinroq, joriy yilning aprel oyida AQSHning xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi O‘zbekistonni “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatiga qayta kiritishni tavsiya etgandi.
LiveBarchasi