AQSH “Tolibon” hukumatini tan olish shartini aytdi
Olam
−
20 noyabr 2021
9082“Tolibon” AQSH tomonidan qonuniy hukumat deb tan olinishi uchun terrorchilikka qarshi kurashishi, inklyuziv hukumat tuzishi hamda etnik kamchilik huquqlarini himoya qilishi kerak. Bu haqda AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest “Tolibon”ning Kongressga yo‘llagan maktubiga javoban ma’lum qildi.
“Biz “Tolibon”ga nisbatan aniq, ochiq diplomatiyani davom ettiramiz. Terrorizmga qarshi kurash, inklyuziv hukumatni barpo etish, ozchiliklar, ayollar va qizlarning huquqlarini hurmat qilish, shu jumladan ta’lim va ishlashda teng huquqlarga ega bo‘lish orqali qonuniylik va qo‘llab-quvvatlashga erishish kerak”, degan Uest.
Diplomat AQSH hukumati ko‘p yillar davomida “Tolibon”ni hokimiyatni kuch bilan egallashga urinsa, Afg‘onistonga yordam berish to‘xtatib qo‘yilishi haqida ogohlantirganini eslatgan.
Uest AQSH afg‘on xalqiga insonparvarlik yordam ko‘rsatishni davom ettirishini ta’kidlagan. Bu maqsadlar uchun Vashington 474 mln dollar ajratgan. Ammo bu yordam xalqaro tashkilotlar orqali yetkaziladi.
Avvalroq, “Tolibon” harakati AQSH Kongressiga maktub yozib, Afg‘onistonning xorijiy banklardagi davlat zaxiralarini blokdan chiqarish so‘ralgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi