AQSH Suriyani terrorchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi

Olam

image

AQSH Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi va bu qaror mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi asosiy to‘siqlardan birini bartaraf etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qaror AQSH Kongressidagi 45 kunlik ko‘rib chiqish jarayoni yakunlanganidan so‘ng kuchga kirgan. Prezident Donald Tramp Suriyani ro‘yxatdan chiqarish niyati haqida Kongressni joriy yil 8 iyul kuni rasman xabardor qilgan edi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio qaror Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa hukumati xalqaro terrorizmdan uzoqlashish bo‘yicha amalga oshirgan choralar va olgan majburiyatlari inobatga olingan holda qabul qilinganini aytgan.

Suriya Tashqi ishlar vaziri As’ad ash-Shayboni bu qaror mamlakatning jahon moliyaviy va iqtisodiy tizimiga qayta integratsiyalashuviga, investitsiyalar oqimini oshirishga yordam berishini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, endi Suriyada investitsiya kiritish, biznes yuritish va iqtisodiyotni tiklash yo‘lidagi asosiy to‘siq bartaraf etildi.

Ma’lumot uchun, Suriya 1979 yildan buyon AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatida edi. Vashington o‘sha vaqtda sobiq prezident Hofiz Asad hukumatini qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bu maqom uning o‘g‘li Bashar Asad davrida ham saqlanib qolgan. Bashar Asad 2024 yil dekabr oyida Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar tomonidan hokimiyatdan ag‘darilgan.

AQSHning ushbu ro‘yxatida endi Kuba, Eron va Shimoliy Koreya qoldi. Ro‘yxatda bo‘lish AQSHning tashqi yordami, mudofaa mahsulotlari eksporti va ayrim moliyaviy operatsiyalarga cheklovlar qo‘yilishiga sabab bo‘ladi.

Tramp ma’muriyati 2025 yil iyul oyida Suriyaga nisbatan keng qamrovli sanksiyalarni bekor qilgan, biroq Bashar Asad va uning yaqinlari, huquqbuzarliklarda ayblangan shaxslar, narkotrafikchilar, ISHID va “Al-Qoida”ga aloqador guruhlar hamda Eron vakillariga nisbatan maqsadli sanksiyalarni saqlab qolgan edi.

Suriya hukumati qariyb 14 yillik urushdan keyin mamlakatni tiklash uchun milliardlab dollar investitsiya jalb qilishga umid qilmoqda. AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatidan chiqarish qarori esa banklar va investorlar uchun huquqiy va moliyaviy xavflarni kamaytirishi kutilmoqda.

Vashington va Damashq o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik so‘nggi oylarda kuchaygan. Suriya Moliya vazirligi Bank of America va boshqa moliyaviy tashkilotlar bilan xalqaro moliya tizimiga qayta qo‘shilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Suriya rahbari Ahmad ash-Sharaa bilan joriy yilning iyul oyida Anqarada uchrashganidan so‘ng ro‘yxatdan chiqarish jarayonini boshlagan edi. Vashington ash-Sharaa hukumatining ISHIDga qarshi hamkorligini ijobiy baholab, cheklovlarni yumshatish Suriyaga barqarorlashish, investitsiya jalb qilish va mamlakatni qayta tiklash imkonini berishini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing