AQSH Senati mamlakat mudofaa byudjetini tasdiqladi. Unda Ukrainaga ham atagani bor
Olam
−
14 dekabr 2023
7680Kecha, 13 dekabr kuni AQSH Senati mamlakatning 2024 moliya yiliga mo‘ljallangan mudofaa byudjetini 886,3 milliard dollar miqdorida ma’qulladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 28 milliard (3 foiz) ko‘pdir. Ovoz berish jarayoni AQSH qonun chiqaruvchi organining rasmiy saytida namoyish etildi.
Ovoz berish jarayonida Senat a’zolarining 87 nafari loyihani qabul qilish uchun ovoz berdi, 13 nafari qarshi ovoz berdi. Loyiha Vakillar palatasiga o‘tkazildi. Qonunchilar byudjet hafta oxirigacha har ikki palatadan o‘tib, imzolash uchun Prezident Jo Baydenga jo‘natiladi deb umid qilmoqda.
Qonun loyihasi 3 mingdan ortiq sahifani o‘z ichiga oladi va mamlakat mudofaa ehtiyojlari uchun yuqori mablag‘larni taklif qiladi. Harbiylarning ish haqi sezilarli darajada oshadi – 5,2 foizga. Bu AQSH tarixidagi rekord bo‘ladi.
Amerika qonun chiqaruvchi palatasining tegishli qo‘mitalari tomonidan kelishilgan mudofaa byudjeti loyihasida Ukrainaga harbiy yordam uchun 300 million dollar ajratilgan. Qonunchilar, agar kerak bo‘lsa, 2025 moliya yilida ham xuddi shunday ehtiyojlar uchun 300 million ajratish niyatida. Umuman olganda, Kiyevga yordam 2026 yil oxirigacha uzaytirildi.
Harbiy byudjet AQSH harbiy xarajatlarining faqat bir qismini tashkil etadi. Harbiy mablag‘lar turli byudjet moddalari bo‘yicha taqsimlanadi, masalan, yadroviy qurolga sarflanadigan xarajatlar Energetika vazirligidan keladi. Shuningdek, boshqa davlat idoralari va departamentlarining harbiy xarajatlari, jumladan, Davlat departamentining xorijiy harbiy yordamga sarflangan xarajatlari va boshqalar mavjud.
Ma’lumot uchun, oktyabr oyida Bayden Kongressga Ukrainaga bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan. Qonunchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelishmagan.
Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlagandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa AQSH Prezidenti tomonidan tasdiqlangan yangi harbiy yordam paketi, agar AQSH Kongressi Kiyev ehtiyojlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga rozi bo‘lmasa, oxirgi paketlardan biri bo‘lishi mumkinligini aytdi.
LiveBarchasi